13/Fevral/2023 Iqtisodiy diplomatiya
VENA, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi prezidenti, «Volkswagen Slovakia» avtomobil ishlab chiqarish zavodining tashqi aloqalar bo‘yicha direktori A.Matushek bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda O‘zbekiston mehnat bozoridagi salohiyatli ishchi kuchini ish bilan taʼminlash, xorijiy davlatlarga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish, mehnat migrantlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Slovakiya avtomobil sanoati sohasida O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan taʼminlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xorij tomoniga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda tashqi mehnat migratsiyasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati, mazkur yo‘nalishda fuqarolar uchun yaratilgan imtiyozlar, «Ishga marhamat» monomarkazlarining faoliyati, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot amalga oshirildi.
A.Matushek «Volkswagen Slovakia» zavodi Slovakiyadagi eng yirik kompaniya va ish beruvchilardan biri ekanligini taʼkidladi. Bugungi kunda kompaniyaning doimiy ishchilari soni 12 mingdan ortiq bo‘lib, butlovchi qismlar yetkazib beruvchi subkorxonalarda 50 mingga yaqin mutaxassis faoliyat yuritishi qayd etildi.
Kompaniya hozirda “Volkswagen Touareg”, “Audi Q7”, “Audi Q8”, “Porsche Cayenne”, “Porsche Cayenne Coupé”, “Volkswagen up”, “Volkswagen e-up” elektrokari hamda “Škoda Karoq” rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarmoqda.
Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi prezidenti «Volkswagen Slovakia» 2023 yilda avtomobil ishlab chiqarish salohiyatini oshirmoqchi ekanligini hamda kompaniyaning yangi rivojlanish strategiyasiga asosan 1500 nafar ishchiga ehtiyoj mavjudligini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatning avtomobilsozlik sektoridagi o‘sish tendensiyasi bir yilda qo‘shimcha 10 mingga yaqin mutaxassisni ish bilan taʼminlash imkoniyatini yaratmoqda.
Mazkur sohadagi amaliy hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi.
Bugungi kunda Slovakiyada yiliga 1,1 million dona turli toifadagi mashinalar ishlab chiqariladi va aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan avtomobillar soni bo‘yicha (har 1000 nafar aholiga – 184 dona avtomobil) mazkur davlat dunyoda birinchi o‘rinni egallamoqda.
Birgina avtomobil sanoati Slovakiya sanoatining 50,4 foizini, mamlakat eksportining 42,2 foizini, davlat YAIMning 11 foizini tashkil etadi. Mazkur tarmoqda 260 mingdan ortiq fuqaro ish bilan taʼminlangan.
Slovakiyada «Volkswagen Slovakia», «Kia Motors Slovakia», «Stellantis Slovakia» («Peugeot S.A.» va «Fiat Chrysler Automobiles» kompaniyalarining qo‘shilishi natijasida yuzaga kelgan avtokonsern), «Jaguar Land Rover» va «Volvo Slovakia» avtomobil ishlab chiqarish zavodlari mavjud. Qolaversa, mamlakatda 380 dan ortiq butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat olib bormoqda.