27/Avgust/2021 Sport
TOSHKENT, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va sloveniyalik taniqli murabbiy Srechko Katanes bilan shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, shartnomaga binoan, sloveniyalik mutaxassis 2025 yilga qadar futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, milliy terma jamoamiz murabbiylar shtabida 5 nafar xorijlik mutaxassis ish olib boradi. Alesh Chex va Vlado Radmanovich yordamchi murabbiy sifatida Srechko Katanesga ko‘maklashadi. Martin Magister jamoa aʼzolarining jismoniy tayyorgarligiga javobgar bo‘ladi. Nihad Peykovich esa darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat olib boradi. Shuningdek, shtabdan fizioterapevt Ian Katanes o‘rin olgan.
Maʼlumot o‘rnida, Srechko Katanes 1963 yilda Sloveniyaning Lyublyana shahrida tavallud topgan. 1981-1994 yillar davomida “Partizan”, “Shtutgart”, “Sampdoriya” kabi jamoalarda to‘p surgan. Ushbu davr mobaynida Italiya A-seriyasi g‘olibligi va Italiya kubogini qo‘lga kiritgan, shuningdek, UYEFA Championlar ligasi va UYEFA Kubogi final uchrashuvlarida ishtirok etgan, Yevropa Kubok egalari kubogida zafar quchgan.
Murabbiylik faoliyati davomida esa Makedoniya, Birlashgan Arab Amirligi, Sloveniya va Iroq milliy terma jamoalarini boshqargan. Srechko Katanes tarixda birinchi bor Sloveniya milliy terma jamoasini jahon va Yevropa chempionatlariga olib chiqqan murabbiy hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanes O‘zbekiston terma jamoasini boshqarib kelgan va 2022 yilda Qatarda o‘tadigan jahon chempionati saralash bosqichi o‘yinlarida o‘ta muvaffaqiyatsiz qatnashgan Vadim Abramov o‘rnini egalladi.