28/Mart/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
STOKGOLM, 28-mart. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekistonning Shvetsiya Qirolligidagi muvaqqat ishlar vakili Nodir Ganiyev Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha Byurosi direktori Olga Kulayeva bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda majburiy mehnatga chek qo‘yish, aholi bandligiga ko‘maklashish, munosib ish sharoitlarini yaratish va gender tengligini taʼminlash sohalarida erishilgan muhim yutuqlar yuzasidan fikr almashildi.
Xorijiy tomonga mamlakatimiz Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, xususan inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik sohalarida hamda 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumi to‘g‘risida maʼlumot berildi.
Muzokaralar yakunida 2023 yil 17-21 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘illikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi delegatsiyaning Shvetsiyaga tashrifini birgalikda yuqori saviyada tashkil etishga kelishib olindi.