Uz / Ўз Ru En

Toshkent

25/Iyul/2021   Prezident

Surxondaryo viloyatida quvvati 1500-1600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi bunyod etiladi


TOShKENT, 25- iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti «Surxondaryo viloyatida quvvati 1500-1600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Qarorda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va «Stone City Energi» kompaniyasi (Niderlandiya) o‘rtasida 2020-yil 26-sentyabrda 1,2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan Surxondaryo viloyatida quvvati 1500-1 600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish vazifalari tasadiqlandi.
Unga ko‘ra, investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida xorijiy investor tomonidan «SCE Quvvat» MChJ –Loyiha kompaniyasi tashkil etildi.
Qarorga ko‘ra, Investor va Loyiha kompaniyasi Surxondaryo viloyatida quvvati 1 500-1 600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi, quradi va 25 yil davomida ekspluatatsiya qiladi.
Loyihani amalga oshirish bo‘yicha jami 1,2 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etiladi.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasida 2021 yil 22 aprelda imzolangan Investitsiya loyihasi doirasida Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq, Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishining ta’minoti sifatida 30 million AQSh dollari miqdorida bank kafolatini taqdim etadi.
Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ timsolida yagona xaridorga sotish majburiyatini oladi.
Hujjatga ko‘ra, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim shartlariga ko‘ra, 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olishi va elektr energiyasi uchun to‘lovni milliy valyutada amalga oshiradi.
Bundan tashqari, qarorda O‘zbekiston Hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Investor va Loyiha kompaniyasi o‘rtasidagi imzolangan Investitsiya bitimi tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.
Investitsiya bitimi unda ko‘rsatilgan shartlarga muvofiq kuchga kiradi.
Qaror bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida Investitsiya loyihasi doirasida imzolangan Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim ma’qullandi.
Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga:
-ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning chet el valyutasida tasdiqlangan, tiklanadigan, qaytarib berilmaydigan va shartsiz bank kafolatini taqdim etishga;
-investitsiya loyihasi ehtiyoji uchun tabiiy gaz yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishga;
-Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq ularning amal qilish muddati davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi narxlarini, istisno tariqasida, chet el valyutasiga bog‘lagan holda belgilashga ruxsat berilmoqda.
Hujjatga muvofiq, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga, istisno tariqasida, quyidagi huquqlar berilmoqda:
-to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha soliqlar va yig‘imlar amalga oshirilgan holda muvofiq kredit mablag‘lari sarfini nazorat qilish, chet el valyutasidagi mablag‘larni olish va ulardan foydalanish uchun chet eldagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlarini ochish hamda respublikada ochilgan bank hisobvaraqlaridan xorijda ochilgan bank hisobvaraqlariga Investitsiya loyihasi doirasida olingan kreditlarni qaytarish maqsadida pul mablag‘larini o‘tkazish;
-O‘zbekiston Respublikasining tashqarisidagi xorijiy pudratchilarga, yetkazib beruvchilarga yoki xorijiy kreditorlarga to‘lovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet eldagi bank hisobvaraqlaridan amalga oshirish.
Surxondaryo viloyati hokimligi bir oy muddatda Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimda ko‘rsatilgan shartlarga mos keladigan yer uchastkasi ajratib beradi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti yangi qurilayotga...

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida olib borilayotgan bunyodkorlik is...

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy kengashnin...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Turkiy tilli davlatlar...

O‘zbekiston Prezidenti: Yerni tadbirkorg...

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent viloyatining Chinoz tumaniga kelib, suv xo‘ja...

So`nggi yangiliklar