05/Iyun/2023 Sport
TOSHKENT, 5 iyun. /“Dunyo” AA/. Taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, jahon chempionatida ishtirok etgan terma jamoamiz dunyo birinchiliklarida qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha rekordini takrorladi. Musobaqada hamyurtlarimiz 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini jamg‘arishdi.
Ayollar o‘rtasida +73 kg. vazn toifasida ketma-ket 2 bor jahon chempionatining finaliga yetib borgan Svetlana Osipova bu gal ham kumush medal bilan cheklandi. Shuningdek, Feruza Sodiqova -62 kg. vazn toifasida qatorasiga ikkinchi bor bronza medali bilan taqdirlandi.
“Tokio-2020” yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitov ilk bor jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarildi. Ulug‘bek -68 kg. vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Qolaversa, kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida debyut qilgan Omonjon Otajonov -54 kg vazn toifasida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.