Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Iyun/2021   Dolzarb

Tanzila Norboyeva: O‘zbekistonda byudjetni shakllantirish va ijro etishda Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ustuvor yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda


BUXORO, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Xabar berganimizdek, bugun Buxoroda «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik» mavzusidagi xalqaro forum o‘z ishini boshladi.  Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaralari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbirlari Nargis Saidaliyeva va Zafar Yo‘ldoshqulov.

–  Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish dunyo mamlakatlari bilan bir qatorda biz uchun ham juda muhim, o‘tgan besh yil mobaynida bu masala yangi O‘zbekiston barpo etilishining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, - dedi Tanzila Norboyeva. – 2017 yilda qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, shubhasiz, bu maqsadlarga bosqichma-bosqich erishishga xizmat qilmoqda.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, innovatsion, energetika, taʼlim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa barcha sohalar uzoq muddatli rivojlanishni belgilovchi strategiyalarni qabul qildi.

Taʼlim sohasidagi islohotlarimiz natijasida maktabgacha taʼlimni qamrab olish ikki barobar kengaydi (2017 - 25,4%, 2020 - 51%), oliy taʼlim muassasalari soni ikki barobar oshdi (65-117). Pandemiya davrida sog‘liqni saqlash tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar o‘zini to‘la oqladi. Iqtisodiyotdagi islohotlar, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish tufayli fuqarolar farovonligi izchil yuksalmoqda

Yaratilgan noyob ijtimoiy himoya tizimi, jumladan, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tufayli kambag‘allik darajasi tobora kamayib bormoqda (2015-12,8%, 2019-11%). Bolalar va majburiy mehnatni to‘liq bartaraf etishga erishdik, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni tobora ortib bormoqda. Parlamentlararo ittifoq maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston ayollarning parlamentdagi ishtiroki bo‘yicha 45-o‘rinni egallagan.

Jahon bankining xotin-qizlar, biznes va huquqiy indeksida O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari va muhim gender tengligi islohotlarini amalga oshirgan 27 mamlakat qatoriga kiradi. Bu yutuqlar xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda.

Bertelsmann jamg‘armasi (Germaniya)ning 2020 yildagi hisobotida O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha 193-o‘rindan 66-o‘ringa ko‘tarildi. Yetakchi xalqaro moliya institutlari (Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalar) maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sib bormoqda.

Jahon bankining «Doing Business 2020» hisobotida O‘zbekiston ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan yigirma mamlakat qatoridan joy oldi. O‘zbekiston 2021 yilda pandemiya davrida o‘sishni ko‘rsatgan sanoqli davlatlardan biri sifatida eʼtirof etildi.

Shuningdek, byudjetni shakllantirish va ijro etishda barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ustuvor yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlash lozim. Byudjet xarajatlarining aksariyati ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston byudjetini ijtimoiy yo‘naltirilgan byudjet deb aytishimiz mumkin.

Maqsadlarning aksariyati umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lib, umuminsoniy masʼuliyat va birgalikdagi saʼy-harakatlarni talab etadi.

Shu o‘rinda yirik ekologik ofat – Orol dengizining qurib borayotganidan jabr ko‘rgan Orolbo‘yi mintaqasida vaziyatni barqarorlashtirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarni aytib o‘tish joiz. Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast fondi tuzilgani, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu mintaqani ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish bo‘yicha maxsus rezolyutsiyaning yaqinda qabul qilingani O‘zbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarini xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlaniga yorqin misoldir.

Umid qilamanki, ikki kun ichida biz o‘zaro fikr almashamiz va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlikning yangi jihatlari va salohiyatini kashf eta olamiz.

Forum yakunida Buxoro deklaratsiyasining qabul qilinishi birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni yana-da mustahkamlashga asos bo‘ladi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston BMTning «Ochiq davlat maʼlum...

O‘zbekiston BMTning «Ochiq davlat maʼlumotlari indeksida» dunyoning ilg‘or 41 mamlakati ro...

Tojikiston elchisi Sodiq Imomiy: O‘zbeki...

ojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Sodiq Imomiy bugun davlatimiz rahbari raisligida bo‘...

Piter Burian: Markaziy Osiyo murakkab va...

Piter Burian: Markaziy Osiyo murakkab vaziyatda hamjihatlik namoyish etmoqda.

So`nggi yangiliklar