Uz / Ўз Ru En

Toshkent

16/Oktabr/2021   TIV yangiliklari

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalariga insonparvarlik yordami taqdim etildi


NUKUS, 16-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘mak berish maqsadida mamlakatimizning Buyuk Britaniya,  Janubiy Koreya, Latviya, Belarus, AQSHdagi elchixonalari, BMTdagi Doimiy vakolatxonasi, Nyu-York va Olma-ota shaharlaridagi Bosh konsulxonalari bilan hamkorlikda taqdim etilgan insonparvarlik yordami Chimboy, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxiatosh, Nukus, Mo‘ynoq, Qorao‘zak, Qanliko‘l, Taxtako‘pir, Shumanay va Bo‘zatov tumanlarida «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» kiritilgan, kam ta’minlangan oilalar va imkoniyati cheklangan fuqarolarga yetkazib berildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatiya missiyalari ko‘magida tashkil etilgan navbatdagi xayriya aksiyasi tarkibiga 30 ta xrombuk va noutbuk, 6 ta nogironlar aravachasi, 3 ta kompyuter va printerlar to‘plami, 5 ta tikuv mashinasi, koronavirusni aniqlaydigan 500 ta ekspress-test, 1000 dona tibbiy niqob hamda bolalarda vitreoretinal (ko‘z soqqasining ichki tuzilishlaridagi jarrohlik amaliyati) jarrohlik amaliyotini o‘tkazish qurilmasidan iborat.

Yoshlar va xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «mahallaboy» tizimi doirasida joriy yil 15 oktabr kuni Tashqi ishlar vazirligi vakillari Taxiatosh tumanida bo‘ldi. Ushbu tumandagi kam ta’minlangan oilalar bekalari - Mashhura Begjonova, Saltanat Olloyorova va Aydinay Rejepovaga tikuv mashinasi,  Annagul Gurdovaga esa noutbuk topshirildi.

Qoraqalpoq davlat universitetining 2-kurs talabasi Mashhura Begjonova unga taqdim etilgan noutbuk o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlash va kasb mahoratini oshirish yo‘lidagi harakatlarni yanada faollashtirish uchun rag‘bat bo‘lib xizmat qilishini bildirdi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan Annagul Gurdovaning ta’kidlashicha, unga taqdim etilgan tikuv mashinasi oilasi uchun daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi. “Mamlakatimiz rahbariyatining menga va hududimizdagi ko‘plab ayollarga ko‘rsatayotgan bunday e’tibori va ko‘magidan chin dildan minnatdormiz”, - deydi  u.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi xodimlari Qo‘ng‘irot va Kegeyli tumanlari Xalq ta’limi bo‘limlarida bo‘lib, 12 dona xrombuk, kompyuter va printerlar to‘plami hamda nogironlar aravachasi topshirildi.

Nukus shahridagi Respublika oftalmologiya dispanseriga O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan taqdim qilingan bolalarda vitreoretinal jarrohlik o‘tkazish uskunasi berildi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar doirasida O‘zbekistonning Janubiy Koreya va Latviyadagi elchixonalari ko‘magida taqdim etilgan koronavirusni aniqlash bo‘yicha  500 ta ekspress-test va 1000 dona tibbiy niqob Nukus shahridagi bolalar yuqumli kasalliklari shifoxonasiga yetkazildi.

Iqtisodiy diplomatiyani ilgari surish doirasida vazirlik O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik missiyalari bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilishni kengaytirish bo‘yicha ham ishlarni davom ettirmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘r...

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov bugun Giyohvandlik vosita...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri YEI max...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Yevropa Ittifoqining Markaziy Osi...

Bugun O‘zbekistonga Xitoydan COVID-19ga ...

Bugun Tashqi ishlar vazirligida «Ish sharotida sog‘lom turmush tarzi, O‘zbekistonda korona...

So`nggi yangiliklar