08/Mart/2021 TIV yangiliklari
TOSHKЕNT, 8 mart. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi markaziy apparati va Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi tuzilmalar xodimlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitet qoshidagi Diplomatiya oliy maktabida bo‘lib o‘tgan olti kunlik «O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosati va xalqaro aloqalari» kursida qatnashdi, deb xabar berdi «Dunyo» AA muxbiri.
1-6 mart kunlari bo‘lib o‘tgan kurs iqtisodiy diplomatiya, xalqaro investitsiya muhiti va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasi, muloqot san’ati, zamonaviy global tendensiyalar va ularning axborot-tahlil ishlariga ta’siri hamda boshqa mavzularni qamrab oldi.
Bundan tashqari, kurs ishtirokchilari global pandemiyaning Markaziy Osiyoga ta’siri, mintaqalararo munosabatlar izchilligi, ochiqlik va konstruktiv diplomatiya istiqbollari hamda O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarini tahlil qildi.
Darslar davomida diplomatik protokol, odob-axloq qoidalari va o‘zaro yozishmalar masalalariga alohida e’tibor berildi.