18/May/2022 Madaniyat
QOZON, 18-may. /“Dunyo” AA/. Tataristonning “TNV” telekanali orqali joriy yil 21-25 may kunlari Buxoroda bo‘lib o‘tadigan birinchi xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali haqidagi ko‘rsatuv namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda “Tarona” Sharq ustalari gildiyasi direktori Ramziya Kashapova Buxoro forumida Tataristondan bir guruh zardo‘zlik va zargarlik madaniyati vakillari ishtirok etishini qayd etdi.
- Tadbir, birinchi navbatda, xalq amaliy sanʼatida zargarlik va zardo‘zlik anʼanalarini rivojlantirish, ushbu sanʼatning noyob namunalarini keng targ‘ib etishga qaratilgan, - dedi Ramziya Kashapova. – Ushbu madaniy almashinuvlar O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Chunki Buxoro shahri Osiyoning markazida joylashgan, u kelajakka va yangi texnologiyalarga intilgan, qadimiy anʼanalarda o‘z go‘zalligi va nafosatini saqlab qolgan dunyodagi kam sonli shaharlardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, festival tashkiliy qo‘mitasining dastlabki maʼlumotlariga qaraganda, forum ishida dunyoning 50 mamlakatidan zardo‘zlik va zargarlik sanʼatining 150 nafardan ziyod vakili ishtirok etishi kutilmoqda.