05/Mart/2021 Jamiyat
SEUL, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli nashrlaridan biri — «The Korea Post» jurnalining veb-sahifasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) videoanjuman shaklida o‘tgan 14-sammitida so‘zlagan nutqining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«IHT hududi - tarixi, dini, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, ulkan salohiyatga ega bo‘lgan mintaqa» sarlavhali maqolada O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida 2025 yilga qadar mo‘ljallab qabul qilingan harakatlar dasturi doirasida ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirish maqsadida qator muhim tashabbuslarni ilgar surgani taʼkidlangan.
Nashrda yozilishicha, transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlik strategik muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi. Rasmiy Toshkent “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon” va “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” transport yo‘laklari, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga eltuvchi marshrutlarni rivojlantirishdan manfaatdor.
«Afg‘onistonning barqaror taraqqiyotini taʼminlash va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish maqsadida yangi «Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor» temir yo‘lini qurish muhim», deb qayd etiladi materialda.
Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston rahbari pandemiya sharoitida mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotlarining kuchli va zaif tomonlari yaqqol ko‘ringanini qayd etib, ushbu xatar davlatlar bir-biriga o‘zaro bog‘liq ekani, savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirish zarurligini ochiq-oydin namoyon etdi.
«Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan, ayniqsa, Yevroosiyo makonidagi mintaqalarning iqtisodiy o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish borasidagi muhim tashabbuslar va aniq takliflar tashkilotga aʼzo mamlakatlar yetakchilari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi», deb yozadi «The Korea Post» jurnali.