Uz / Ўз Ru En

Toshkent

04/Sentabr/2020   Jamiyat

«The New York Times» gazetasida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga abituriyentlar uchun test sinovlari boshlangani haqida maqola nashr etildi


VAShINGTON, 4 sentabr. / «Dunyo» IA /. Kecha Amerikaning yetakchi kundalik gazetalaridan biri «The New York Times» «O‘zbekiston 1,4 million abituriyent uchun kirish imtihonlarini o‘tkazmoqda» sarlavhasi ostida fotosurat va maqola chop etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanishicha, 2 sentyabr kuni koronavirus pandemiyasi tufayli o‘n minglab yoshlar O‘zbekiston bo‘ylab sport maydonlariga ochiq havoda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish uchun borgan. 2 hafta davom etadigan keng miqyosli imtihonlar davomida 1,4 milliondan ortiq nomzodlar uch soatlik sinovdan o‘tadi. Ular uchun ochiq havodagi stadionlarning yugurish yo‘laklarida va bog‘larda maxsus joylar tayyorlangan. Abituriyentlar oliy ta’lim muassasalaridagi 150 mingga yaqin o‘rin uchun bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.

Muallifning yozishicha, 2 sentyabr kuni ertalab yuzlab niqob taqqan yigit-qizlar Toshkentdagi stadionlardan biriga sinov imtihonlarining birinchi guruhi tarkibida kelishgan. Soyada o‘tirganlar uchun ob-havo qulay edi, boshqalar esa o‘zlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qilish uchun mavjud vositalardan foydalandi.

Muallif, shuningdek, 34 millionlik mamlakatda yoz o‘rtalarida kasallik sonining keskin o‘sishidan so‘ng joriy qilingan ikkinchi karantin cheklovlari birin-ketin yumshatilayotganini ta’kidlaydi.

Gazetada, shuningdek, O‘zbekistonda shu hafta mahalliy institut va universitetlarda darslar onlayn tarzda boshlanganini, maktablar odatdagidan ikki hafta o‘tib, 14 sentyabr kuni qayta ochilishini yozadi. Materialda qayd etilishicha, hukumat 2 sentyabr kuni kafe va restoranlar, shuningdek, kinoteatr, teatr va istirohat bog‘larini 5 sentyabrdan boshlab ba’zi cheklovlar bilan ochilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, masjidlarda va boshqa ibodat joylarida jamoaviy ibodatlarni ado etishga ruxsat beriladi. Niqoblar jamoat joylarida majburiy bo‘lib qoladi va ommaviy tadbirlar ham taqiqlanadi.

Muallif maqolani O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegarasini qayta ochayotgani haqidagi ma’lumotlar bilan yakunlaydi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis va Pitsburg universiteti professori Jennifer Murtazashvili ushbu maqolani sharhlar ekan «O‘zbekistondagi ta’lim tizimi rahbarlari so‘nggi bir necha oyda duch kelingan ko‘plab muammolarga ijodiy javob berdi. Bu faqat bitta misol» dedi.
 

Mavzuga oid

Britaniyaning “Telegraph” gazetasida O‘z...

Buyuk Britaniyaning mashhur “Telegraph” gazetasida Sara Uilerning Buyuk ipak yo‘lida joyla...

“YOShLAR 2020: GLOBAL BIRDAMLIK, BARQARO...

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, jumladan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublik...

Atrof-muhitga ta’siri bo‘lgan hamda Davl...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Atrof muhitga ta’sirni baholash mexanizmi...

So`nggi yangiliklar