Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Iyun/2022   TIV yangiliklari

TIV hayʼati yig‘ilishida Vazirlik tizimining kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi

TOSHKENT, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov kecha TIV Hayʼat yig‘ilishini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari, vazirlik boshqarmalari boshliqlari, chet eldagi vakolatxonalar hamda TIV tasarrufidagi muassasalar rahbarlari ishtiroki etdi.

Majlisga, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti rektorlari taklif etildi.

Hayʼat kun tartibiga muvofiq TIV tizimining kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Vazirlik tizimida personalni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, xodimlarning malakasini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda oshirish, yosh mutaxassislarni jalb etish, diplomatik kadrlarni «TIV markaziy apparati – chet eldagi diplomatik faoliyat – akademik faoliyat» tamoyili asosida almashinuvi tizimini joriy etish, TIV ehtiyojlaridan, tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya sohasidagi dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda tarmoq o‘quv yurtlarining o‘quv dasturlarini yangilash, O‘zbekiston OTMlari bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida «Yo‘l xaritalarini» ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzurida «Yosh diplomatlar klubi»ni tashkil etish rejasi eʼlon qilindi.

Yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi va chet eldagi vakolatxonalarning iqtisodiy diplomatiya sohasidagi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada idoralararo samarali hamkorlikni taʼminlash, xorijiy davlatlar va xalqaro institutlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni jadallashtirish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish, tashqi iqtisodiy sohada qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan qatʼiy nazorat qilish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Alisherbek Paygamov ishtirok etdi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchi...

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiya 27-28 senta...

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri BMT max...

O‘zbekiston TIV Abdulaziz Komilov bugun BMTning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida in...

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘r...

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov bugun onlayn shaklda «Mark...

So`nggi yangiliklar