28/Mart/2023 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 28-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov bugun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YEXHT DIIHB) Referendumni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasi rahbari Albert Yonsson bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, vazir o‘rinbosari Albert Yonssonni joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumni kuzatish bo‘yicha YEXHT DIIHB missiyasi o‘z ishini boshlagani bilan tabrikladi.
Uchrashuvda DIIHB kuzatuvchilar missiyasining konstitutsiyaviy referendumni o‘tkazish jarayonining barcha darajadagi ishtiroki bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Byuroning saylovni kuzatish bo‘yicha avvalgi missiyalari faoliyatining samaradorligi, xususan, O‘zbekiston saylov qonunchiligini takomillashtirish doirasidagi hissasi qayd etildi.
Konstitutsiyaviy referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida tomonlar ochiq hamda konstruktiv hamkorlikka tayyorligi taʼkidlandi.
Anvar Ilyosov olgan surat (“Dunyo” AA).