Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Iyul/2021   Sport

«Tokio-2020»: Ulug‘bek Rashitov O‘zbekiston terma jamoasiga birinchi oltin medalni taqdim etdi


TOSHKЕNT, 26 iyul. /«Dunyo» AA/.  Yaponiya poytaxti - Tokioda bo‘lib o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining ikkinchi kuni O‘zbekicton terma jamoasi sportchilari uchun omadli bo‘ldi. Kecha Olimpiya o‘yinlarida 11 nafar  vakilimiz  musobaqalarda ishtirok etdi.  Quvonarlisi shundaki, 19 yoshli taekvandochi Ulug‘bek Rashitov O‘zbekiston terma jamoasiga birinchi oltin medalni taqdim etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida delegatsiyamiz hisobiga ilk medalni taqdim qilgan taekvondochimiz Ulug‘bek Rashitov  hal qiluvchi final jangida amaldagi jahon chempioni, britaniyalik Bredli Sindenni 34-29 hisobida mag‘lubiyatga  uchratgani holda olamshumul natijani qayd etdi.
Ulug‘bek o‘zbek  taekvondo sporti tarixida ham yangi saxifa ochdi. Chunki shu kunga qadar  o‘zbek taekvondochilari orasida hech kim  Olimpiya o‘yinlarida medalni qo‘lga kiritmagan edi. 
Kechagi kun dasturida ishtirok etgan vakillarimizdan biri - og‘ir atletikachi Adhamjon Ergashev o‘z ishtirokini yakunladi. - 67 kg vazn toifasida qatnashgan polvonimiz oltinchi natijani qayd etdi.
Dast ko‘tarish mashqini 139 kg bilan yakunlagan Ergashev siltab ko‘tarishda 173 kg toshni ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Adham ikki kurash bo‘yicha 312 kg qayd etib o‘z ishtirokini oltinchi natija bilan yakunladi.  
Tokiodagi «Ariake Gymnastics» arenasida hamyurtimiz Oksana Chusovitina faoliyatidagi so‘nggi sakrashni amalga oshirdi. Garchi uning ikkinchi parvozi finalga chiqish uchun kamlik qilgan bo‘lsa-da nomi abadiylikka kirish uchun yetarli bo‘ldi.
Sakkazinchi bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, o‘z sporti turida Ginnesning rekordlari kitobiga kirgan Oksana Chusovitinaning chiqishi 14.166 ball bilan baholandi. Afsuski, ushbu ball final yo‘llanmasi uchun kifoya qilmadi hamda ekran qarshisidagi millionlab muxlislar, hamkasblari va murabbiylari olqishlari ostida katta sport bilan xayrlashdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati» ordenlarining sohibi, «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni sohibasi Oksana Aleksandrovnaga uzoq yillik faoliyati uchun minnatdorlik bildiradi hamda kelajakda murabbiy sifatida ham yurtimizda sport, xususan, gimnastika taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonamiz.
Olimpiadada 25 iyul kungi bahslarda, shuningdek,  akademik eshkak eshish vakillari ham medallar uchun kurash olib bordi. 
Afsuski, akademik eshkak eshish bahslarining 2000 m masofada o‘tish saralashida qatnashgan Shahboz Xolmirzayev/Sobirjon Safaraliyev juftligi marraga 4-bo‘lib yetib keldi va medallar uchun kurashish imkoniyatini yo‘qotdi.
Kecha, shuningdek, bokschilarimiz ham medallar uchun «jang»ga kirishdi.  Kunning birinchi jangi Tursunoy Rahimova ishtirokida kechdi. -51 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Rahimova polshalik Sandra Drabikka qarshi bahs olib bordi va g‘alabaga erishdi.
Shu tariqa, Rahimova Olimpiya o‘yinlarida g‘alabaga erishgan ilk o‘zbekistonlik bokschi qiz sifatida tarixga kirdi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi turkiyalik Buse Naz bo‘ladi.
Erkaklar boks jamoasining ikki vakili ringga chiqdi. -63 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Elnur Abduraimov 1/16 finalda mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Baatarsuxga qarshi jang qildi. Dastlabki raundni boy bergan Abduraimov keyingi raundda ustunlikka ega bo‘ldi. Hal qiluvchi raunddagi harakatlari bilan 4:1 hisobdagi g‘alabaga erishdi. 1/8 finalda unga tojikistonlik Bahodur Usmonov raqiblik qiladi.
-81 kg vazn toifasi vakili Dilshod Ro‘zmetov 1/16 finalda irlandiyalik Emmet Brennanni 5:0 hisobi bilan mag‘lub etdi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi Ozarboyjon sharafini himoya qilayotgan Alfonso Dominges bo‘ladi.
Dzyudochilar jamoasi uchun ikkinchi kun ham omadsiz keldi. Dastlab Sardor Nurillayev (-66 kg) dastlabki bosqichda jarohat tufayli jangni davom ettira olmadi.
-52 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Diyora Keldiyorova ham mo‘g‘ulistonlik Sosorbaram Lxagvasurenga imkoniyatni boy berib, medallar uchun kurashni erta tark etdi.
 Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz jamg‘armasiga medal taqdim etishiga ishongan tajribali velosportchimiz Olga Zabelenskaya ishonchni oqlay olmadi. Velosportning shosse yo‘nalishida ishtirok etgan Olga Zabelinskaya Olimpiya o‘yinlarida omad kulib boqmadi va kutilmagan natijani qayd etdi. Zabelinskaya 137 kilometrga kechgan guruh poygasi yo‘nalishida 67 ishtirokchi orasida 9-bo‘lib marra chizig‘iga yetib keldi. U ushbu masofani 3 soat 54 daqiqa 31 soniyada bosib o‘tdi.
Bugun, 26 iyul kuni 7 nafar yurtdoshimiz  medallar uchun kurashga kirishgan.

Mavzuga oid

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sentyab...

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu yilning sentyabr oyida Tojikiston ter...

Buxoroda kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtas...

Bugun Buxoroda kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqalariga start b...

«Alpomish va Barchinoy» xalqaro turnirig...

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2021 yil uchun respublika kalendar rejasiga asosan...

So`nggi yangiliklar