17/Fevral/2021 Sport
TOSHKENT, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan boks bo‘yicha Tokio-2020 litsenzion musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhi ushbu sport turi bo‘yicha Parijda iyun oyida o‘tishi rejalashtirilgan jahon litsenzion musobaqasi bekor qilinganini rasman tasdiqladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi maʼlumotiga tayanib.
Xabarda butun dunyoda yangi epidemiologik vaziyatning qayta avj olayotgani, sportchilarning salomatligini himoya qilish tashkilotning asosiy maqsadi ekani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Hozirda boks bo‘yicha 53 ta yo‘llanma (32 erkaklar va 21 ayollar) taqsimlanmay qolgan edi. Maʼlum qilinishicha, ushbu kvotalar barcha qitʼalarga bokschilarning Olimpiya vazn toifalaridagi reyting pog‘onalariga qarab tarqatiladi. Bunda so‘nggi 4 yil (2017-2021) orasida o‘tkazilgan xalqaro musobaqalar inobatga olinadi. Bungacha o‘tkazilmagan Amerika va Yevropa qitʼalaridagi saralash musobaqalari may-iyun oylarida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan yil Iordaniyada o‘tgan litsenzion musobaqa orqali 7 ta (6 erkak va 1 ayol) yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.