Uz / Ўз Ru En

Toshkent

06/Mart/2020   Jamiyat

Tokioda Toshkent metropoliteni haqidagi kitob taqdimoti o‘tkazildi


TOKIO, 6 mart. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtida Toshkent metropoliteniga bag‘ishlab chop etilgan kitob taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yaponiyadagi “Daifukushorin” nashriyoti tomonidan tayyorlangan kitobda qadrdon metromizning sayyohlar uchun jozibadorligi xususida batafsil ma’lumot berilgan.

Kitob muallifi, ushbu nashriyot direktori A.Taki Toshkent metrosining noyobligi, xususan chet ellik sayyohlar uchun poytaxtdagi eng qiziqarli manzillardan biri ekani haqida so‘z yuritadi.

Muallif O‘zbekistondagi yer osti yo‘li majmuasi betakror dizayni, ajoyib me’moriy yechimi bilan, ayniqsa, yaponlarda cheksiz taassurot qoldirayotganini ta’kidlaydi.

Qayd etilishicha, metroning har bir bekati dizayni o‘ziga xos, o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, san’ati, qadriyat va an’analarini aks ettiruvchi muayyan mavzuga yo‘naltirilgan. Shuning barobarida bekatlarning nomlanishi ham bevosita mavjud shakl, bezak va badiiy timsollar bilan uyg‘un. Me’moriy-badiiy manzaraga muayyan bekat joylashgan manzil, turli tarixiy voqealar yoki shaxslar bilan bog‘liqlik, shuningdek yaqin orada yirik sanoat majmualarining joylashuvi kabi omillar ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

A.Taki, mutaxassis sifatida, Toshkent metrosi nafaqat yer ostida harakatlanuvchi transport vositasi, balki O‘zbekistonning noyob tarixiy va madaniy yodgorligi ekanini ham e’tirof etgan.

Kitobda metropolitenning har bir bekati aks etgan suratlarga shu bekatning o‘ziga xosligi ifodalangan izohlar yapon tilida keltirilgan. Majmuaning barpo etilish tarixi, barcha bekatlar to‘g‘risida mufassal ma’lumot, bekatlarning bir-biridan farqli jihatlari, shuningdek xalqimizga xos urf-odatlar, mamlakatimiz sayyohlik salohiyati haqida hikoya qilingan. Bir so‘z bilan aytganda, muallif kitobxonni O‘zbekiston bilan yer yuzidagi ajoyib mamlakatlardan biri sifatida yaqindan tanishtirishga harakat qilgan.

Taqdimot davomida elchixona xodimlari ham o‘z navbatida mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari, yurtimizda turizm sohasida jadal sur’atlarda va keng miqyosda olib borilayotgan islohotlar, shuningdek sayohatchilar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, qulayliklar xususida batafsil ma’lumot berishdi.

Yaponiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish huquqi amalda ekaniga ishtirokchilar diqqati alohida jalb etildi.

Toshkent metropoliteni O‘zbekiston poytaxtining faxr-iftixori, badiiy jihatdan eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri ekani, jamoatchilik uchun ham ilmiy, ham tarixiy nuqtai nazardan katta qiziqish uyg‘otishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonlik sakkiz nafar bemor bola G...

Bugun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro hayriya fondining navbatdagi sog‘lomlashtirish dasturi...

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti...

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Nusratulla Barakaev Moskva davlat texnolo...

Londonda oʼzbekistonliklarni qoʼllab-quv...

Oʼzbekiston Respublikasining Londondagi elchixonasi tomonidan oʼzbek diasporasi faollari k...

So`nggi yangiliklar