Uz / Ўз Ru En

Toshkent

13/Avgust/2022   Madaniyat

Tokioning mashhur Isetan savdo majmuasida Rishton kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

TOKIO, 13-avgust. / “Dunyo” AA/. Joriy yil 3-avgustidan Tokioning Shinjuku  shahrida joylashgan yirik Isetan savdo majmuasida O‘zbekistonning Rishton kulolchilik maktabining yorqin namoyondalaridan biri bo‘lgan usta-kulol Alisher Nazirov tomonidan tayyorlangan kulolchilik maxsulotlari ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Rishtonlik ustaning kulolchilik buyumlari Tayvanning yangi porlayotgan kiyim dizayneri ishlari va Janubiy Koreyaning zargarlik buyumlari mahsulotlari bilan bir qatorda namoyish qilinmoqda.

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinho‘ja Abdurahmonov ko‘rgazma faoliyati bilan tanishib, usta-kulol Alisher Nazirov va Isetan savdo majmuasi rasmiylari bilan suhbatlashdi, ikki davlat o‘rtasida kulolchilik sohasidagi salmoqli hamkorlik uzoq yillardan beri davom etayotgani, jumladan 1994 yil Yaponiya fondining madaniy almashinuv dasturi doirasida Alisher Nazirov ushbu mamlakatning mashhur “Kutaniyaki” kulolchilik maktabida tajriba almashganini qayd qildi.

Shuningdek, bugungi kunda yurtimizda hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilayotgani, jumladan Rishton tumanida ustoz-shogird maktabini saqlab qolish, shuningdek, tumanda faoliyat yuritayotgan hunarmandlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2021 yil Xalqaro kulolchilik markazi barpo etilgani maʼlum qilindi.

Shu munosabat bilan, Kunchiqar mamlakatda yurtimizning hunarmandchilik mahsulotlariga qiziqish tobora ortib borayotganini inobatga olib, Elchixona tomonidan yaqin fursatlarda Yaponiyada O‘zbekiston hunarmandchilik mahsulotlari shou-rumini tashkil qilish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishi taʼkidlandi.

Isetan savdo majmuasining menejeri Nakanishi Shoko Yaponiyada Rishton kulolchilik mahsulotlariga qiziqish doimiy ravishda o‘sib borayotgani, jumladan namoyish etilayotgan kulolchilik buyumlariga savdo majmuasi tashrif buyuruvchilari tomonidan yuqori eʼtibor bo‘layotgani va shu munosabat bilan kelgusida ham bunday ko‘rgazmalarni tashkil qilishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Alisher Nazirov ko‘p yillardan buyon qator yapon hamkorlari bilan Rishton kulolchilik buyumlarini Yaponiya bozorida sotuvini amalga oshirish bo‘yicha samarali hamkorlik qilib kelayotgani hamda bu safargi ko‘rgazmada yapon hamjamiyati eʼtiborini yana-da ko‘proq jalb qilish maqsadida namoyish qilinayotgan kulolchilik mahsulotlarini tayyorlashda ularni Kunchiqar mamlakatning anʼanaviy kulolchik texnikasi bilan uyg‘unlashtirishga asosiy eʼtibor berilganini maʼlum qildi.

Ko‘rgazma mehmonlaridan biri Ogura Sachiko bir necha yillar avval O‘zbekistonga safar qilgani va yurtimiz madaniyati va urf-odatlari, ayniqsa Rishtonning moviy kulolchilik buyumlari unda qatta qiziqish uyg‘otganini maʼlum qildi. Shu munosabat bilan, u Tokioda Alisher Nazirovning kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil qilinganidan xabar topib, yana bir bor ulardan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘lganidan nihoyatda mamnun ekanini bildirdi.

Isetan Co., Ltd. 1886 yilda tashkil topgan Yaponiyaning yirik chakana savdo korporatsiyalaridan biri hisoblanadi. Ushbu korxona butun mamlakat bo‘ylab 14 dan ortiq, shuningdek Janubi-Sharqiy Osiyo (Malayziya, Xitoy, Singapur va Tailand) hamda Yevropa (Buyuk Britaniya va Avstriya)da savdo majmualariga ega.

Ko‘rgazma 16 avgustga qadar o‘z ishini davom ettiradi.

Mavzuga oid

BBC News o‘zbek xizmati “Boburiy malikal...

BBC News o‘zbek xizmati “Boburiy malikalar izidan” nomli uch qismdan iborat hujjatli film ...

O‘zbekistonning boy maʼnaviy-madaniy mer...

Malayziyaning «Astro Awani» elektron nashri sahifasida O‘zbekiston bilan tashkil etilgan q...

“Ibrat” va «Faridaning ikki ming qo‘shig...

Rejissyorlar Jahongir Qosimov va Yolqin To‘ychiyevning «Ibrat» hamda «Faridaning ikki ming...

So`nggi yangiliklar