03/Fevral/2023 Ta'lim
JIDDA, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) rektori Gulchehra Rixsiyeva boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Saudiya Arabistoniga safar chog‘ida Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet (KAU) rektori vazifasini bajaruvchi Hana bint Abdulloh an-Naim bilan uchrashdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat avvalida Hana bint Abdulloh an-Naim 2022 yil avgust oyida O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga tashrifidan so‘ng turli sohalarda o‘zaro hamkorlikning jadallashganini va so‘nggi olti oy ichida o‘zaro delegatsiyalar almashuvi faollashganini qayd etdi. U Saudiya Arabistoni hududida asli millati o‘zbek bo‘lgan buxoriylar diasporasining mavjudiligi ikki davlat tarixi va urf-odatlarining mushtarak ekanligidan dalolat berishini aytdi.
«Hozirgi kunda talabalar soni 200 mingdan 110 mingga qisqartirilganligi oqibatida o‘qituvchilar soni ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Shu bois, Podshoh Abdulaziz nomidagi universitetning tajribali o‘qituvchilarini Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida taʼlim berishlari uchun O‘zbekistonga yuborish imkoniyati mavjuddir», dedi Hana bint Abdulloh an-Naim.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva Saudiya tomoniga O‘zbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, taʼlim tizimini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish borasida izchil ishlar olib borilayotgani haqida so‘zlab berdi.
Muzokaralar chog‘ida arab tilini o‘qitish sohasida TDSHU o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, turli sohalarda o‘zbekistonlik talabalar uchun bakalavr va magistratura bosqichlarida stipendiyalar ajratish, o‘zaro almashuvlar yo‘nalishida hamkorlik qilish takliflari bildirildi.
Tomonlar, shuningdek, TDSHU huzurida tashkil etilayotgan «Mahmud Zamaxshariy nomidagi ilmiy-tadqiqotlar markazi»ni barpo etishda Saudiya tomonining ishtiroki, xususan, Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet kutubxonasidagi mavjud adabiyotlarning taqdim etilishi yuzasidan ham fikr almashdilar.
O‘zbekiston vakili, shuningdek, KAU rektori va universitet professor-o‘qituvchilarini mamlakatimizda joriy yili o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy tadbirlarda ishtirok etishga taklif qildi.
O‘tkazilgan muzokaralar natijasida TDSHU va KAU o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Anglashuv memorandumi loyihasini kelishish va imzolashga ahdlashib olindi.
Maʼlumot uchun: Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet 1967 yilda Jidda shahrida barpo etilgan. Hozirgi kunda 110 ming nafar talabaga 2500 dan ortiq professor-o‘qituvchilar taʼlim bermoqda. Mazkur oliy taʼlim muassasasida iqtisodiyot, gumanitar fanlar, ilm-fan, muhandislik, tibbiyot, astronomiya, dengiz fanlari, huquq, atrof muhitini muhoqaza qilish, qishloq xo‘jaligi, meteorologiya, stomatologiya, farmatsevtika fakultetlari mavjud.