07/Fevral/2023 Ta'lim
QOHIRA, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva kecha Iskandariya universiteti rektori Abdulaziz Konsova bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida oliy o‘quv yurtlari tarixi, ularda yaratilgan sharoitlar, kadrlar tayyorlash tizimi to‘g‘risida maʼlumot almashildi. Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha hamkorlikda dasturlar yaratish, turizm va mehmonxona biznesi, xalqaro iqtisodiyot va tijoriy aloqalar yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tomonlar ilmiy hamkorlik va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Iskandariya kutubxonasi bilan qo‘shma tadbirlar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishdi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Iskandariya universiteti o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi bitim imzolandi.
Maʼlumot o‘rnida: Iskandariya universiteti miloddan 300 yil muqaddam tashkil etilgan Iskandariya bilimlar uyi davomchisi sifatida 1938 yilda tashkil etilgan. Oliy o‘quv yurti tarkibida 21 ta fakultet va 3 ta institut, 12 ta shifoxona mavjud. Universitetda 200 ming talabalar, jumladan, 13 mingdan ortiq xorijlik yoshlar tahsil oladi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasasining xorijiy filiallarida 50 mingga yaqin yigit-qiz bilim olmoqda. Universitet Misrdagi ikkinchi yirik oliy o‘quv yurti bo‘lib, jahondagi nufuzli 1000 ta oliy taʼlim muassasalari qatoridan o‘rin olgan.