09/Oktabr/2020 Jamiyat
TOShKENT, 9-oktabr. / «Dunyo» AA /. Polsha chegara xizmati Bosh komendantligining polkovnik Andjey Yakubashek boshchiligidagi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibiy bo‘linmalari, O‘zbekiston chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi va boshqa mutasaddi idoralar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev ishtirok etgan uchrashuvlar chog‘ida Yevropa fuqarolarni qaytarish bo‘yicha aloqa zobitlari (European Return Liaison Officers – EURLO) loyihasi doirasida Markaziy Osiyoda fuqarolarni qaytarish bo‘yicha aloqa zobiti tanishtirildi. Polsha chegara xizmati xodimining Yevropa zobiti sifatida O‘zbekiston hududiga yuborilishi bir yilga mo‘ljallangan ilk loyiha bo‘lib, uni amalga oshirish muddati uzaytirilishi mumkin.
2019-yil O‘zbekistonning noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat yuritayotgan vakillari ishtirokida Polshada ikkita seminar o‘tkazilgan edi.
Polsha chegara xizmati O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz migratsiya xizmati vakillarining malakasini oshirish, shu jumladan ularni Yevropa texnika vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan qator loyihalar ustida ishlamoqda.
Andjey Yakubashekning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihalar Yevropa Ittifoqi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Ular fuqarolarni qaytarish bo‘yicha aloqa zobiti faoliyati bilan bog‘liq. Aloqa zobiti vakolati Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga taalluqlidir.
O‘zbekiston va Polsha mutasaddi idoralari mutaxassislari aloqa zobitining vazifa va majburiyatlari haqida fikr almashdi.
EURLO zobiti qator ikki tomonlama kelishuvlarni hayotga tadbiq etish, shu jumladan mintaqa davlatlari migratsiya va chegara xizmatlarining imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan hamkorlikni amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbollarini belgilab oldi, qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.