04/Dekabr/2022 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
ISLOMOBOD, 4-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Islomoboddagi elchisi Oybek Usmonov Pokiston iqtisodiy aloqalar vazirining birinchi o‘rinbosari Kozim Niyoz bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar transafg‘on temir yo‘li qurilishi masalalari, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak majlisi kun tartibi, shuningdek, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Pokiston vakili mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikning amaldagi darajasini yuqori baholab, tovar ayirboshlash va o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish maqsadida mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini birgalikda amalga oshirishga tayyorlik bildirdi.
O‘zbekiston Pokistonning mintaqadagi o‘ta muhim strategik iqtisodiy hamkori ekanligi taʼkidlandi. Islomobod va Toshkentning mintaqaviy hamkorlik, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va tranzit savdosini rivojlantirish borasidagi pozitsiyalari va manfaatlari to‘liq mos keladi.