Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Sentabr/2022   Tarix

Toshkent viloyatidagi Suyurlitepa yodgorligidan ilk o‘rta asrlarga oid monumental inshootning o‘rni aniqlandi

TOSHKENT, 26-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi  Milliy arxeologiya markazi va Tarix instituti xodimlari tomonidan Toshkent viloyati, Ohangaron tumani hududida joylashgan Suyurlitepa yodgorligida olib borilgan qazishma ishlari natijasida ilk o‘rta asrlarga oid monumental inshootning o‘rni aniqlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Suyurlitepa yodgorligi Ohangaron daryosining chap sohilida, Qurama tog‘larining shimoliy etagida, bugungi Sanam qishlog‘idan 2 km sharqda, Olmaliq shahrini Angren shahri bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan.

Qazishmalar Vag‘nze mulkining janubi-sharqiy qismidagi nisbatan balandroq tepalikni ochib o‘rganishdan boshlandi. Qazishma 20x20 metr o‘lchamli maydonda amalga oshirildi.

Aniqlangan inshoot qurilishida paxsa va xom g‘ishtlardan foydalanilgan. Bino 3 qavatli paxsa bloklaridan iborat platformaning ust qismida ko‘tarilgan. Uning tom qismi arkasimon qilib yopilganligi qazishmalar jarayonida aniqlandi. Inshootning aynan qanday vazifani bajarganligi haqida tugal xulosaga kelingani yo‘q. Tadqiqotlar yakunida yakuniy xulosalar beriladi.

Tadqiqotlar natijasida rivojlangan o‘rta asrlarga kelganda binodan boshqa maqsadlarda foydalanganligi qayd etildi. Inshoot markaziy xona va unga tutashtirilgan yordamchi xonalardan iborat qilib qurilganligi hamda unga yana bir qancha xo‘jalik xonalari keyingi davrlarda qo‘shilganligi yodgorlikning rejasida aks etgan. Qazishma maydonida jami 10 ga yaqin xonalar ochib o‘rganildi.

Arxeologik qazishmalar natijasida bu yerdan Turk xoqonligi, Somoniylar, Qoraxoniylar va Mo‘g‘ullar bosqini davriga oid boy ashyolar, tangalar, sopol idishlar,  kamon o‘qining uchlari, shisha idishlar, turli xil taqinchoqlar, suyakdan qilingan taroqlar va boshqa ko‘plab tarixiy buyumlar topildi.

Xonalardan paxsa blokli platformani o‘yib ochilgan jami 5 ta xo‘jalik o‘ralari aniqlandi. O‘ralardan bittasi to‘g‘ri to‘rtburchak, qolganlari esa aylana shaklga ega. Ulardan 20 turdagi shisha idishlar, xususan, shisha laganlar, vazalar, jomlar va tabiblar tomonidan giyoh solish uchun ishlatilganligi talqin qilinayotgan kichik, nozik ko‘rinishga ega shisha idishlar va hokazolar topildi. Bunday turli-tuman shisha idishlarning topilishi bu hududlarda bir vaqtlar shishasozlik yuksak darajaga yetganligini tasdiqlaydi.

O‘ralardan birida Somoniylar davrida oid (X asr) noyob laganlar ham topildi. Ularning sirtiga oq rang berilib, sirlangan. Laganlardan birida arab alifbosining kufiy xatida العمر .البركة لصاحبه كل so‘zlari yozilgan. Yozuvlar o‘ng tomondan o‘qilganda alʼumru (umr), al-barakatu (baraka), li sooxibixi (egasi uchun, egasiga) so‘zlari bitilgan. Laganlardan birida humo qushiga o‘xshab ketadigan qush tasvirlangan bo‘lib, u tumshug‘ida gul tutib olgan. Ikkala lagan ham Somoniylar davrining nodir namunalaridan hisoblanadi.

Shaharning ichki yo‘llarini aniqlash maqsadida 7 ta nuqtada transheyalar (eni 1 m, uzunligi 5-14 metrli chuqurlar) tashlandi va shaharning baʼzi ichki yo‘llarining o‘rniga aniqlik kiritildi.

Yodgorlikning janubi-sharqiy qismidagi keng maydonlarda qavat-qavat qilib tarmoqlangan ariqlar o‘rni yaqqol ko‘zga tashlanadi.  Qadimiy majmua hududi juda kengligi bois uning katta qismi o‘z sir-asrorlarining ochilishini kutib turibdi. Yodgorlikda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid

Turk tarixchisi: Inson hayoti davomida b...

Turkiyaning ommabop https://www.tv100.com veb-saytida taniqli turk tarixchisi, professor I...

Buxoro Shahristonidan qadimiy noyob devo...

Buxoro tarixiy markazidagi sobiq Shahriston bozori hududidan qadimgi noyob devoriy suratl...

29-30 sentyabr kunlari Mo‘ynoqda tasavv...

Ertaga Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida Ahmad Yassaviy tariqati davomchi...

So`nggi yangiliklar