21/Sentabr/2020 Madaniyat
TOSHKENT, 21 sentyabr. /«Dunyo» AA/. Toshkentdagi "Humo Arena" sport majmuasida "Shum bola - 2020" bolalar va o‘smirlar VII kinofestivaliga start beriladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Bu koronavirus pandemiyasi davridagi birinchi yirik madaniy tadbirdir. Tadbir “O‘zbekkino” Milliy agentligi va mamlakatimizdagi Gyote instituti tomonidan “Shlingel” xalqaro bolalar va o‘smirlar kinofestivali (Xemnits, Germaniya) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
«O‘zbekkino» Milliy agentligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 21-25 sentyabr kunlari bolalar va o‘smirlar uchun suratga olingan, rus va o‘zbek tillariga tarjima qilingan "Qalin do‘stlar", "Ko‘rinmas Syu", "Rokka dunyoni o‘zgartiradi", «Fritslar – tarixning burilish pallasi» kabi nemis filmlari tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.
Har bir film namoyishi oldidan tomoshabinlarga o‘zbek hajviy jurnalining yangi soni, xususan, «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan tasvirga olingan «Zumrasha» nomli qisqa metrajli filmlar taqdim etiladi.
Barcha tashrif buyuruvchilar COVID-19 tarqalishini oldini olish bilan bog‘liq xavfsizlikka oid ko‘rsatmalarga qat’iy rioya qilinadi. Tibbiy niqobsiz fuqarolarning ichkariga kirishi taqiqlanadi.