Uz / Ўз Ru En

Toshkent

18/May/2022   Sayyohlik

Toshkentda B2B shaklidagi «Tashkent Travel Mart 2022» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. Kecha B2B shaklidagi «Tashkent Travel Mart 2022» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Turizm va madaniy merosi vazirligi maʼlumotga ko‘ra, ushbu tadbir O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022 yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida uyushtirildi.

Anʼanaviy tarzda o‘tkaziluvchi «Tashkent Travel Mart 2022»  tadbirini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Isroil Turizm vaziri Yoyel Razvozov ochib berishdi.

Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi qo‘llab-quvvatlashi ostida O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi tomonidan Yevropa Ittifoqining Switch Asia» loyihasi, USAIDning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirishga oid loyihasi, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, “ACTED” va Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.

B2B formatidagi «Tashkent Travel Mart 2022» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi tarmoqlararo muloqotni kengaytirish va yangi sharoitlarda bozorni rivojlantirishning maqbul yechimlari va yo‘llarini ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan turistik maydonchadir. B2B formati, yaʼni “biznes uchun biznes”, ko‘rgazmada ixtisoslashgan tashkilotlarga biznes imkoniyatlarini kengaytirish, o‘z biznesini yuritishdagi ko‘plab muammolarni hal etish, turizm xizmatlarini taklif qilish imkonini beradi. «Tashkent Travel Mart 2022» yuqori sifatli yangi turizm mahsulotlarini yaratish va sohada xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga yordam beradigan tarmoqlararo aloqalarni yana-da mustahkamlashiga shubha yo‘q.

Taʼkidlash joizki, joriy yili ko‘rgazmada O‘zbekiston va butunjahon sayyohlik tashkilotlarining eng faol vakillari ishtirok etishdi. Bular 10 dan ortiq mamlakatlarning 90 dan ortiq xorijiy kompaniyalaridir. Ular orasida Germaniya, Chexiya, Estoniya, BAA, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston sayyohlik jabhasi vakillari bor.

«Tashkent Travel Mart 2022»   xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida xorijiy va mahalliy turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, banklar, onlayn xizmatlar, sug‘urta kompaniyalari ishtirok etdi, shuningdek, birinchi marta O‘zbekistonning yashil texnologiyalari va oilaviy mehmon uylari ishlab chiqarish vakillari qatnashdilar.

Tadbir doirasida turizm sohasi mutaxassislari nafaqat qiziqarli muammolarni muhokama qilish, balki dolzarb savollarga javob topish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, potensial mijozlar va yangi hamkorlar bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusidagi hamkorlikka doir shartnomalar tuzildi va memorandumlar imzolandi.

Maʼlumot uchun: «Tashkent Travel Mart 2022» asoschisi 1998 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi  bo‘lib, O‘zbekistonda turizm sohasida faoliyat yurituvchi eng yirik va eng qadimgi nodavlat, notijorat tashkilot hisoblanadi. Uyushma ilg‘or xorijiy tajriba asosida turizm sohasida innovatsiyalarni joriy etishga intiladi. U 200dan ortiq turoperatorlar, mehmonxona biznesi va mehmon uylari, xostellar, turizm biznesi sohasidagi dasturiy taʼminot vakillarini o‘z atrofiga birlashtirgan.

Mavzuga oid

Tailandda O‘zbekistonning turizm salohiy...

Mamlakatimizning Tailanddagi Bosh konsulxonasi hamda O‘zbekiston turizm va sport vazirligi...

2020 yilda O‘zbekistonga xorijdan 1,5 m...

2020 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadda tashrif buyurgan chet el f...

Turkiya «Sog‘lom turizm sertifikati» das...

«Sog‘lom turizm sertifikati» dasturi Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Ichki...

So`nggi yangiliklar