Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/May/2021   Siyosat

Toshkentda BMT, Yevropa Ittifoqi va AQSHning mojaroli hududlardan qaytgan ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlari masalalari muhokama qilindi


TOSHKENT, 27-may. “Dunyo” AA/. Bugun International mehmonxonasida O‘zbekiston hukumati va BMTning mamlakatimizdagi jamoasi hamkorligida tashkil etilgan BMT, Yevropa Ittifoqi va AQSHning mojaroli hududlardan qaytgan ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlarni boshlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbirlari Muzaffar Kamilov va Anvar Ilyasov (foto).

Mazkur harakatlar Yevropa Ittifoqi va AQSH Davlat departamentining moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshiriladi. Tadbirda  vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchixonalari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda bolalar va ayollarni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga qaytarishda namoyon etilgan siyosiy irodaga asoslanib va ularning jamiyatga qayta qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlagan holda muvofiqlashtirilgan harakatlar hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga qo‘shimcha tarzda texnik va moliyaviy resurslar taqdim etishi qayd etildi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari – eng katta qadriyat hisoblanadi, - dedi Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev. - Bugungi uchrashuv keng ko‘lamli hamkorlikning boshlanishiga bag‘ishlangan. Ishonchim komilki, bu o‘z Vataniga qaytib kelgan bolalar va ayollarning reintegratsiyasi hamda ularning qayta radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun saʼy-harakatlarimizni birlashtirishda o‘ziga xos boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi”.

Tadbirda  Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan dastur O‘zbekistonga qaratilgani, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan dastur esa Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni qamrab olgan submintaqaviy loyiha  hisoblanishi maʼlum qilindi.

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Voronkov Markaziy Osiyoning o‘ziga xos jihatlaridan biri – bu insonparvarlik va mehr-oqibat doimo birinchi o‘rinda turganini taʼkidladi. «Markaziy Osiyo mamlakatlari eng qiyin paytlarda ham odamlarni qabul qilib, ularga yordam bergan, - dedi Vladimir Voronkov. - Shuning uchun ham bugun ular Suriya va Iroqdan o‘z fuqarolarini qaytarib olib kelayotgani ajablanarli hol emas».

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi ekstremizm, radikallashuv va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish va uni yengish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikning ahamiyatini tan olishini bildirdi. «Kuchli texnik yordam ko‘rsatish va inson salohiyatini kuchaytirish orqali ushbu harakat inson huquqlarini amalga oshirish, demokratiyani rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga yordam beradi, - dedi u. - Qaytayotgan bolalar va oilalarni qayta integratsiyalashuvi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami va, umuman, aholining imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi, ularning kengroq ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyalash imkoniyatlarini oshirish, kambag‘allikni va ijtimoiy jihatdan ajralib qolishni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi».

Tadbirda onlayn shakda qatnashgan AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekiston saʼy-harakatlarini sharhlar ekan, «Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini mojaro hududlaridan, shu jumladan, Iroq va Suriyadan Vataniga qaytarish va reintegratsiya bo‘yicha harakatlarini olqishlaydi. Bunday saʼy-harakatlarda O‘zbekiston kabi faollik ko‘rsatgan mamlakatlar kam», deb taʼkidladi.  Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH O‘zbekistonning ushbu saʼy-harakatlarni ilgari ham qo‘llab-quvvatlab kelgan, bundan keyin ham yordam berishda davom etadi.

«YUNICEF Markaziy Osiyodagi hukumatlar bilan qurolli to‘qnashuvlardan zarar ko‘rgan bolalarning integratsiyalashuvida bolalar huquqiga asoslangan yondashuvini qo‘llash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirmoqda, - dedi YUNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan. - Qanchadan-qancha bolalar o‘z oilalari  va yaqinlari bag‘riga qaytgani bizni ruhlantiradi».

Mavzuga oid

Janubiy Koreya parlamenti spikeri Pak By...

Bugun Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi spikeri Pak Byong Sok Markaziy Osiyo davlatl...

O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Prezi...

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqa...

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shav...

Sardoba suv omborida sodir boʻlgan fojia haqidagi xabarni, shuningdek, uni odamlarimiz mun...

So`nggi yangiliklar