10/Oktabr/2022 Tarix
TOSHKENT, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida O‘zbekiston hududida polshalik general Vladislav Anders armiyasi tashkil etilganining 80 yilligiga bag‘ishlangan «Umid yo‘llari – ozodlik odisseyasi» nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Polsha Milliy xotira instituti boshqaruvi prezidenti Karol Navroski boshchiligidagi delegatsiya, general Vladislav Andersning qizi, sobiq senator va davlat vaziri, hozirda Polshaning Italiyadagi elchisi Anna Mariya Anders, shuningdek, Polshaning O‘zbekistondagi elchisi Radoslav Gruk qatag‘on qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Harbiy orkestr tomonidan O‘zbekiston va Polsha davlat madhiyalari ijro etildi, shundan so‘ng «Umid yo‘llari – ozodlik odisseyasi» ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Milliy xotira instituti boshqaruvi prezidenti Karol Navroski, elchi Radoslav Gruk va muzey direktori Baxtiyor Hasanov Polsha askarlarini O‘zbekistonga kelish tarixi haqida maʼlumot berdi. Generalning qizi Anna Mariya Anders 1942 yilda O‘zbekistonga kelib qolgan polshalik askarlarga ko‘rsatgan yordami uchun o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirdi.
- O‘zbek xalqining polyaklar hayotini saqlab qolishda ko‘rsatgan beminnat yordami haqidagi xotira oilalarimizda avloddan avlodga o‘tib kelmoqda, - dedi Anna Mariya Anders.
O‘zbekistonning turli hududlarida polyak askarlariga tegishli 18 ta qabriston mavjud bo‘lib, ularda 2,5 mingga yaqin polshalik askarlar va ularning oila aʼzolari dafn etilgan.