Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Sentabr/2021   Parlament

Toshkentda o‘tkazilgan forumda yangi O‘zbekistonda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qo‘lga kiritilgan natijalar va istiqbolli vazifalar muhokama qilindi


TOSHKENT, 24-sentabr. /«Dunyo» AA/. Bugun Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida «Yangi O‘zbekistonning Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM): yutuqlar va istiqbollar» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Zamira Azizxonova.

Konferensiya O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati, Yoshlar ishlari agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanning maqsadi O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ularning BRMga erishishdagi ahamiyatini muhokama qilish, bu boradagi bilim va tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish strategiyalarining natijalari yuzasidan fikr yuritish hamda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritalarini belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

Forumda taniqli olimlar, davlat va xususiy sektor, xalqaro agentliklar, idora va tahlil markazlari vakillari qatnashdi. Xususan, BMT Barqaror rivojlanish istiqbollari tarmog‘i (SDSN) prezidenti professor Jeffri Saks asosiy ma’ruzachi bo‘ldi.

- O‘zbekiston uchun muvaffaqiyatli transformatsiya davridagi asosiy yo‘nalishlardan biri qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlik va «Bir makon, bir yo‘l» kabi mintaqaviy dasturlardagi faol ishtirok bo‘ldi. Bu esa mamlakatning Markaziy Osiyoning transport, tijorat va moliyaviy markazi hamda Sharqiy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tashida yordam beradi, - dedi professor Jeffri Saks.

Anjumanda O‘zbekistonda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari respublikani 2017–2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgani qayd etildi. Mamlakatning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston islohotlarni davom ettirmoqda, xususan, xususiy sektor va aholining eng ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy, iqtisodiy va tartibga solish choralarini o‘z ichiga olgan inqirozga qarshi tizimli tadbirlar qo‘llanmoqda.

- Barqaror rivojlanish maqsadlari qamrab oladigan masalalar, hech mubolag‘asiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, kerak bo‘lsa taqdirini hal qiluvchi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

- Bu jarayon natijalari parlament, olim va ekspertlar, nodavlat tashkilotlar va keng jamoatchilik tomonidan kuzatib borilishi juda muhim. Binobarin, bu borada parlament nazoratining eng muhim yo‘nalishlaridan biri – mamlakatimiz tomonidan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar bajarilishini ta’minlashdir. Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘zda tutgan vazifalarni doimiy ravishda ilmiy tahlil qilish, hukumat va parlament uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan tavsiyalarni ishlab chiqish – ekspert hamjamiyatining g‘oyatda muhim vazifasidir. Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Strategiyaning bosh g‘oyasi – fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iboratdir. Asosiy maqsad – 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdori bo‘yicha daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishdir.

Konferensiya davomida BRMga erishish hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni BRM bilan uyg‘unlikda amalga oshirish jarayonidagi eng yaxshi xalqaro tajribalarni aniqlash, xalqaro ekspertlar kuzatuvlari va O‘zbekistonda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish ko‘rsatkichlari, xalqaro tadqiqot hamjamiyati tomonidan olib borilgan ilmiy ishlar, shu jumladan Markaziy Osiyo hamda O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqotlar natijalari, respublika miqyosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan «BRM yosh elchilari» yoshlar tashabbusi bo‘yicha takliflar xususida fikr almashildi.

- O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi yutuqlari va kelgusida uni mamlakatdagi islohotlarning navbatdagi bosqichi sifatida tezlashtirish istiqbollarini muhokama qilish uchun ushbu anjumanda ishtirok etish BMT Taraqqiyot dasturi uchun sharaf, - deb ta’kidladi BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – O‘zbekiston bu borada bugungi kunda muayyan yutuqlarga erishdi. Ushbu natijalar mamlakatda o‘tgan yili tayyorlangan ixtiyoriy milliy hisobotda e’lon qilingan. BRMga erishish bo‘yicha parlament komissiyasi tashkil etilgan. Biz BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida O‘zbekiston Prezidentining nutqida barqaror taraqqiyotga bo‘lgan qat’iyatni ko‘rdik. BMT TD ushbu dasturlarni to‘la qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Tashkilotchilar tomonidan Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar va ularning Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi ahamiyati umumlashtirgan almanax – tasviriy hisobot tayyorlandi va ishtirokchilarga tarqatildi. Almanax O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish to‘g‘risidagi xabardorlikni oshirishga qaratilgan.

Mavzuga oid

Indoneziya parlamenti aʼzolari O‘zbekist...

O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Roziqulov Indoneziya parlamenti Vakillar palatasi Spikerinin...

Respublika xotin-qizlar jamoatchilik ken...

Kecha Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni Oliy ...

Oliy Majlis Senati raisi BMT Bosh Assamb...

O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva kecha Birlashgan Millatlar Tashkilo...

So`nggi yangiliklar