28/Mart/2023 Ta'lim
TOSHKENT, 28-mart. /“Dunyo” AA/. Kecha Toshkent shahrida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki kun davom etadigan mazkur forumda 100 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar masʼullari ishtirok etmoqda.
Forum ikki davlat taʼlim sohasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tadi. Tadbir universitetlar innovatsiyasi va to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida iqtisodiy o‘sishni taʼminlash uchun ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlanadi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov hamda Koreya taʼlim vazirligining Global taʼlimni rejalashtirish Byurosi bosh direktori Ji Yong Pak so‘zga chiqdi.
Bugungi kunda Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlari bilan taʼlim va ilmiy hamkorlikning boshqa ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha aloqalar o‘rnatildi. Xususan, texnik va muhandislik fanlari, axborot, raqamlashtirish va sanoat texnologiyalari, jumladan, «yashil texnologiyalar» yo‘nalishlariga ixtisoslashgan Inxa, Adju, Puchon va Koreya xalqaro universitetlari filiallari O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) turli texnik yordam dasturlari doirasida O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreya universitetlarida magistraturada o‘qitish uchun stipendiyalar ajratmoqda. O‘qituvchi va mutaxassislar uchun KOICA tomonidan Janubiy Koreya sezilarli yutuqlarga erishgan turli sohalarda tashkil etilgan seminar va o‘quv kurslari, ayniqsa, yangi sanoat texnologiyalari, axborot va kompyuter tizimlari, tibbiyot va tibbiy taʼlim va boshqa ko‘plab sohalarni rivojlantirishda Koreya tajribasi va bilimlarini o‘rganish muhimdir.
Mazkur tadbir universitet rektorlariga o‘zaro axborot almashish, tajriba o‘rganish, mahorat darslari va seminarlar o‘tkazish, qo‘shma dasturlar yaratish, qo‘shma ilmiy loyihalarni tashkil etish imkoniyatini taqdim etadi. Xalqaro forumning birinchi kuni yakuni bo‘yicha qator hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bitimlar asosan ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaratiladi.
Forum ikki seksiyadan iborat bo‘lib, ulardan biri universitetlarning iqtisodiy o‘sishga qaratilgan innovatsiyalari va texnologiya sohalaridagi tashabbuslariga bag‘ishlanib, boshqasida ikki davlat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida hamkorlik va almashinuvni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, forum doirasida mehmonlar poytaxtimizdagi bir qator oliy taʼlim muassasalari, texnoparklar bilan tanishishlari hamda Samarqand shahriga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgan.