Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/Fevral/2023   Sanalar

Toshkentda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi tantanali ravishda nishonlandi

TOSHKЕNT, 7-fevral. /«Dunyo» AA/. Kecha Toshkentda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Do‘stlik kechasida vazirlik, idoralar va jamoat tashkilotlari yetakchilari, madaniyat va san’at namoyandalari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar rahbarlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bayram kechasi ishtirokchilarini O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Turkmaniston elchisi Yazguli Mammedov qutlab, ularni ushbu muhim sana bilan qizg‘in tabrikladi.

– Turkmaniston bilan 2017 yilda strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan bo‘lsa, o‘tgan yilda munosabatlarimiz chuqurlashgan strategik sheriklik darajasigacha olib chiqilganini mamnuniyat bilan qayd etish o‘rinlidir, – dedi O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev. – Savdo-iqtisodiy hamkorlikda salmoqli ko‘rsatkichlarga erishildi. O‘zaro savdo aylanmasi so‘nggi yillarda 5 barobarga ortib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi.

– Ikki qardosh davlat o‘rtasida o‘rnatilgan oliy darajadagi aloqalar, ochiq va ishonchli muloqot strategik munosabatlar uchun mustahkam asos bo‘layotganini quvonarli hol, – dedi Turkmaniston elchisi Yazguli Mammedov. – 2022 yilda ikki davlat rahbarlari uch marta – Toshkent, Samarqand va Ashxobodda uchrashdilar. Savdo-iqtisodiy sheriklik, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan turli tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Hukumatlararo komissiya majlislari, ishbilarmon doiralarning uchrashuvlari faol tashkil etilmoqda, o‘tgan yili Buxoroda birinchi Turkmaniston-O‘zbekiston mintaqalararo forumi bo‘lib o‘tdi. Siyosiy yo‘nalishda mamlakatlarimiz faol hamkorlik qilmoqda, ikki va ko‘p tomonlama formatlarda bir-birini muvaffaqiyatli qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tantanali kechaning yorqin va boy konsert dasturi asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan o‘zbek va turkman xalqlarining chinakamiga samimiy do‘stligi, qardoshligi va yaxshi qo‘shnichiligining timsoli bo‘ldi.

Bayram doirasida tashkil etilgan milliy amaliy san’at, hunarmandchilikning yorqin namunalari, fotosuratlar va “Turkiy adabiyot durdonalari” kitob jildlari ko‘rgazmalari tantanali tadbir ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi.

Diplomatik korpus vakillari va bayram kechasining boshqa mehmonlari O‘zbekiston-Turkmaniston diplomatik munosabatlarining yubiley sanasi munosabati bilan o‘z tabriklarini izhor etdi.

Guldana Avezdurdiyeva, O‘zbekiston turkman milliy madaniy markazi raisi:

– Bugun turkman va o‘zbek xalqlari uchun tarixiy kun – mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini birgalikda keng nishonlamoqdamiz, erishilayotgan yutuqlarimizdan quvonmoqdamiz.

Biz davlatlarimiz rahbarlariga xalqlarimiz tarixidagi ushbu muhim voqeaga berilayotgan yuksak e’tibor uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Bugungi tadbirda ham asl hunarmandchilikning ajoyib namunalari, an’anaviy qadriyatlarimiz namoyish etilmoqda, ikki xalqning betakror musiqa san’ati durdonalari yangramoqda. Biz buyuk allomalarimiz Alisher Navoiy va Mahtumquli merosiga hurmat bajo keltiramiz. 

Fursatdan foydalanib, o‘zbek va turkman xalqlarini ushbu qutlug‘ sana bilan tabriklayman, do‘stligimiz mustahkam va abadiy bo‘lsin, mamlakatlarimiz ravnaq topib, bir-biriga doimo mustahkam va ishonchli sherik bo‘lib qolsin!

Yeji Matsulevich, Vatikan Muvaqqat ishlar vakili:

– Bugun Markaziy Osiyoning ikki qo‘shni davlati – O‘zbekiston va Turkmaniston uchun katta bayram. Bu mamlakatlarni umumiy tarix, madaniyat, til, lekin eng muhimi – samimiy do‘stlik va o‘zaro tushunish birlashtirib kelmoqda.

Biz o‘zaro hamkorlik yillari davomida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar chuqurlashgan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bundan barchamiz mamnunmiz, chunki mazkur voqelik Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlik, taraqqiyotga xizmat qiluvchi muhim omildir.

Ikki davlat tabiiy resurslarga boy hamda bu jihat o‘zaro manfaatli va samarali munosabatlarni rivojlantirish uchun yaxshi asos bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi, shuningdek, butun Markaziy Osiyo darajasidagi hamkorlik yangi sur’at kasb etgani juda quvonarlidir. Bu o‘zaro tushunish va qo‘llab-quvvatlashning yuqori darajasidan dalolat beradi.

O‘zbek va turkman xalqlarini ushbu do‘stlik bayrami bilan tabriklayman, ularga farovonlik tilayman!

Zurab Abdushelishvili, Gruziya elchisi:

– O‘zbekiston bugun, birinchi navbatda, mintaqa salohiyatini mustahkamlash va yuksaltirish, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ushbu muhim makonda samarali, o‘zaro manfaatli ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari bilan haqli ravishda Markaziy Osiyoda yetakchi davlat sanaladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqada do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy siyosatining qadri yuksakdir. Bu siyosat “Qo‘shning tinch - sen tinch” degan azaliy hikmat asosida qurilgan. Bu esa mutlaqo oqilona va vaqt sinovidan o‘tgan yondashuv bo‘lib, mazkur hikmatli tushuncha bugungi kunda barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy shiorga aylanganidan xursandmiz.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash munosabati bilan ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalar darajasi mintaqaning barcha mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikka ham xos bo‘lgan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikning yaqqol namunasi ekanini ta’kidlamoqchiman. 

Musa Jamanboyev, Qirg‘iziston elchisi:

– Mintaqada barchamiz qo‘shnimiz, O‘zbekiston va Turkmaniston ham yaqin qo‘shnilarimizdir. Barchamizni ko‘p asrlik rishtalar bog‘lab turibdi va bugun biz do‘stlarimiz bilan birgalikda ikki do‘st davlatlar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligini nishonlayapmiz.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganidan mamnunmiz va ikki davlat bunday hamkorlikni muvaffaqiyatli davom ettirishiga ishonamiz.

Xalqlarimizda “Uzoq qarindoshdan yaqin qo‘shni afzal” degan naql bor. Biz ham qarindosh, ham qo‘shnilarmiz. Bugun esa barchamiz buni yaxshi anglayapmiz va umumiy taraqqiyotimiz manfaatlariga xizmat qilishga intilayapmiz.

Biz birodarlarimizni chin yurakdan tabriklaymiz va samarali hamkorlikni rivojlantirishda yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Huseyn Guliyev, Ozarbayjon elchisi:

– Ushbu muhim kunda Markaziy Osiyo mintaqasining xalqaro maydondagi roli tobora ortib borayotganini alohida ta’kidlamoqchimanki, bu ko‘p jihatdan O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ochiq va konstruktiv mintaqaviy siyosat, shuningdek, ushbu siyosatning barcha Markaziy Osiyo davlatlari bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasida amalga oshirildi.
Barchamizga ma’lumki, yaqin vaqtgacha mintaqa salohiyatining to‘liq ochilishiga, undan unumli foydalanishiga to‘sqinlik qilgan qator hal etilmagan masalalar bor edi. Biroq bugungi kunda mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli juda qisqa vaqt ichida mamlakatlar haqiqiy do‘st, aka-uka va qo‘shni sifatida barcha masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishmoqda. Ular o‘zining samarasini bermoqda va bu hamma uchun birdek katta yutuqdir. 

O‘zbekistonning mintaqadagi birlashtiruvchi rolini olqishlaymiz, barcha qo‘shni davlatlarga tinchlik va xalqlar farovonligi yo‘lida muvaffaqiyatli hamkorlik qilishni tilaymiz.

Mavzuga oid

O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidovn...

Hurmatli vatandoshlar! O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi jamoasi va o‘z...

Barselonada vatandoshlarimiz ishtirokida...

Mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi tomonidan Ispaniyaning Barselona shahrida istiqo...

Dubaydan videotabriklar: Navro‘zi olam ...

«Dubai Expo 2020» doirasida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston milliy pavilon xodimlari Bir...

So`nggi yangiliklar