28/Noyabr/2022 Iqtisodiy diplomatiya
LONDON, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Said Rustamov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi davlat kotibining parlamentdagi o‘rinbosari Leo Dokerti bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston - Buyuk Britaniya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Leo Dokerti O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonini olqishlar ekan, ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali, xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligini yana-da kengaytirish tarafdori ekanligi alohida qayd etildi.
Joriy yil 30 noyabr kuni Toshkent shahrida ikki davlat rasmiy idoralari va ishbilarmon doiralarining 200 nafardan ortiq yuqori martabali vakillari ishtirokida Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya kengashining (UBTIC) 26-yig‘ilishi o‘tkazilishining muhimligi taʼkidlandi. Tadbir yakunida savdoni kengaytirish, infratuzilma, xususiylashtirish, moliyaviy xizmatlar, shuningdek, taʼlim sohalarida loyihalarni qamrab oladigan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Leo Dokerti bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida bir qator tadbirlar, jumladan, o‘zaro tashriflar, shuningdek, dekabr oyida Toshkent shahrida ikki davlat tashqi siyosat va boshqa idoralarining yuqori martabali vakillari ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o‘tkazishga kelishib olindi.