19/Yanvar/2022 Dolzarb
TOSHKENT, 19 yanvar. /“Dunyo” AA/. 18-19 yanvar kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston tomoni raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi (SHHT MAT) binosida tashkilot faoliyatining huquqiy masalalari bo‘yicha vazirliklararo maslahatlashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida tashkilotning asosiy hujjatlari, kuzatuvchilar bilan o‘zaro hamkorlik, shuningdek, SHHT huquqiy maʼlumotlarining elektron bazasini yaratish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Maslahatlashuvlarda SHHT Davlat rahbarlari kengashi, Hukumat rahbarlari kengashi (Bosh vazirlar) va Vazirlar kengashining ayrim qarorlarini bekor qilish to‘g‘risidagi hujjatlar loyihalari ham kelishib olindi.
Tadbirda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklarining yuridik xizmatlari vakillari gibrid formatda ishtirok etdi.