17/Dekabr/2021 Dolzarb
TOSHKENT, 17 dekabr. /“Dunyo” AA/. 2021 yil 16-17 dekabr kunlari Toshkentda “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi hamda uning inson huquqlari va barqaror taraqqiyot bilan o‘zaro bog‘liqligi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Onlayn va oflayn shakllardagi ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash bo‘yicha komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
BMT Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi Rezolyutsiyasi 2000 yil 31 oktyabrda qabul qilingan. Bu hujjatda ilk bor xotin-qizlar va bolalar aholining qurolli mojarolardan eng ko‘p jabr ko‘radigan qatlami ekani, shuningdek, ular aniq maqsadga yo‘naltirilgan tajovuz va zo‘ravonliklarga tobora ko‘proq duchor bo‘layotgani bilan bog‘liq hayotiy haqiqat eʼtirof etilgan.
Rezolyutsiya ayollarni mojarolarga barham berishga qaratilgan tinchlik muzokaralariga imkon qadar faol jalb etishga chaqiradi. Shuningdek, BMT tizimidagi va milliy darajalardagi rahbarlik lavozimlarida ishlaydigan xotin-qizlar sonini izchil ko‘paytirishga undaydi.
Bugungi kunda BMTga aʼzo 193 davlatdan 86 tasi mazkur Rezolyutsiyani implementatsiya qilish bo‘yicha o‘zlarining “Harakatlar rejasi”ni ishlab chiqqan.
O‘zbekistonning Rezolyutsiya bo‘yicha Milliy harakatlar rejasidan quyidagi vazifalar joy olgan:
– ayollarning tinchlik va xavfsizlik jarayonlarida ishtirok etishini rag‘batlantirish;
– “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi bilimlarni yana-da chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish hamda manfaatdor tomonlar va qaror qabul qiladigan hamjamiyatlarning ushbu bilimlardan xabardorligini oshirish;
– favqulodda vaziyatlarda xotin-qizlarning alohida talab va ehtiyojlarini himoya qilish hamda hisobga olish tizimini takomillashtirish;
– BMT Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi Rezolyutsiyasini bajarish jarayonlarida fuqarolik jamiyati ishtirok etishiga ko‘maklashish.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, davra suhbati davomida Rezolyutsiyani implementatsiya qilish va uning ijrosi bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi monitoringini taʼminlash borasidagi ilg‘or xalqaro tajriba hamda milliy amaliyotlar taqdim etildi. Xususan, O‘zbekiston bu borada qaysi sohalarga eʼtibor qaratishi, vaziyatni o‘zgartirishi, samarali siyosat olib borishi va zarur natijalarga erishishini aniqlab olishi uchun Milliy harakatlar rejasi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, ayni yo‘nalishdagi tadqiqotlar ayollar ishtirok etadigan tinchlik muzokaralari aksariyat hollarda natijador bo‘lishini va mustahkam barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilishini ko‘rsatmoqda.
“O‘zbekiston xotin-qizlarning barqaror xalqaro tinchlik va xavfsizlikka erishish borasidagi barcha saʼy-harakatlarimizda juda muhim o‘rin tutishlari zarurligini eʼtirof etadi. Biz BMT Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi Rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz”, – dedi Akmal Saidov.
Shuni ham aytish joizki, Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi Rezolyutsiyasidan so‘ng ayni yo‘nalishda yana 9 ta qo‘shimcha rezolyutsiya qabul qilingan. Ushbu hujjatlarda BMT, unga aʼzo-davlatlar va hamkorlarining mojarolar domida qolgan xotin-qizlar ehtiyojlari va ustuvor talablari hisobga olinishini taʼminlash hamda inklyuziv va barqaror asosda tinchlik o‘rnatish borasidagi majburiyatlari bayon etilgan.
Xavfsizlik kengashi aʼzo-davlatlarni Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi Rezolyutsiya bajarilishi borasida fuqarolik jamiyati, ayniqsa, mahalliy xotin-qizlar hamjamiyatlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borishga chaqiradi.