Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Noyabr/2021   Iqtisodiyot

Toshkentda yadro energetikasining zamonaviy muammolariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi

TOSHKЕNT, 23-noyabr. /«Dunyo» AA/. Bugun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida «Yadro energetikasi va yadroviy texnologiyalarning hozirgi zamondagi muammolari» mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.


23-25 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanda 10 mamlakatdan 195 nafar olim qatnashishi kutilmoqda. Xususan, Rossiya, Belarus va Qozog‘istondan sohaning taniqli mutaxassislari anjumanda gibrid shaklda ishtirok etsa, Avstraliya, Ozarbayjon, Misr, Italiya va boqa qator davlatlar vakillari olimlari onlayn shaklda qatnashish istagini bildirgan. 

O‘tkazilayotgan konferensiyaning asosiy maqsadi fundamental va amaliy yadro fizikasining hozirgi zamondagi tendensiyalari, yadro energetikasi, yadro texnologiyalarini ishlab chiqish va qo‘llash, yadroviy tibbiyot sohalaridagi dunyo miqyosida erishilgan yutuqlar bilan keng ko‘lamda tanishish va xalqaro ilmiy aloqalarni yanada kengaytirishdan iborat.   

Konferensiya  dasturidan «Yadro fizikasi», «Yadro energetikasi  va yadro-energetik qurilmalar kelajagi», «Yadroviy texnologiyalar», «Yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik» kabi mavzularda ma’ruzalar va muhokamalar o‘rin olgan. Yalpi majlisda 20 ta, sho‘’ba majlislarda esa 130 dan ortiq ma’ruza taqdim etiladi.

Shuningdek konferensiyada olim va mutaxassislarining ilmiy izlanishlarda kooperatsiya masalasi ham muhokama qilinadi. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti Markaziy Osiyo hududidagi eng yirik ilmiy tekshirish maskani hisoblanadi. Institutning ilmiy bo‘linmalari va tadqiqot yadro reaktori, siklotron, elektron tezlatgichi, gamma qurilmasi va neytron generatori kabi noyob ob’ektlari bazasida hozirgi zamon fan va texnikasining istiqbolli yo‘nalishlarini qamrab olgan xomashyo, buyum va asbob-uskunalar importi o‘rnini bosuvchi, jahon bozori talablariga javob beruvchi eksport mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan fundamental va amaliy izlanishlar olib boradi. 

Ilmiy muassasa tadqiqotchilarining ishlanmalari respublikamizda va xorijda keng miqyosda tadbiq etilmoqda. Bundan tashqari institutning «Radiopreparat» va «Tezlatgich» MCHJ sho‘’ba korxonalarida ishlab chiqarilgan radioaktiv izotoplar xaridorgir mahsulotlar hisoblanadi. 

Institut xorijdagi salohiyatli ilmiy markazlar bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Xususan, Yevropa yadro tadqiqotlari markazi, AQSHning Fermi nomidagi Milliy tezlatgichlar laboratoriyasi, Argon, Livermor, Shimoliy Tinch okean va Sandiya Milliy laboratoriyalari, Rossiyaning Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti, “Rosatom”, Qozog‘iston Milliy yadro markazi va boshqa mamlakatlarning qator universitetlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shuningdek, Xalqaro atom energetikasi agentligi bilan yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid

2022 yil birinchi chorakda O‘zbekistonni...

Joriy yilning dastlabki uch oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi ...

Yekaterinburgda Namangan – Sverdlovsk bi...

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Namangan viloyati ishbilarmonlari va tadbirkorlari hamd...

O‘zbekistonga yanvar-aprel oyida 156 ta ...

Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, joriy yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston...

So`nggi yangiliklar