Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Mart/2021   Sayyohlik

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi o‘rtasida tarmoq kelishuvi imzolandi


TOSHKENT, 3-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi o‘rtasida hamkorlikka doir kelishuvni imzolashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov va O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Shuhrat Dehqonov tomonidan imzolandi.

2020 yil sentyabr oyida O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tashkil etilgan edi. Qisqa vaqt ichida mazkur tarmoq kasaba uyushmasi o‘z safida 1 ming 170 dan ortiq boshlang‘ich tashkilotni hamda tarmoq tashkilot va muassasalarida mehnat qilayotgan 90 mingdan ziyod xodimlarni birlashtirdi. Bugungi kunga kelib tarmoq kasaba uyushmasi sohaga aloqador davlat boshqaruvi organlari, vazirliklar, jamoat tashkilotlari va ijodiy uyushmalar bilan yaqin ijtimoiy sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

Hamkorlik aloqalarining natijasi o‘laroq, tadbirda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda ijtimoiy sheriklar o‘rtasida tarmoqni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, mehnat shartlari va unga haq to‘lash, tarmoq xodimlarining ijtimoiy kafolatlarini belgilab beruvchi tarmoq kelishuvlari imzolandi. Xususan, O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi hamda Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekkino” davlat unitar korxonasi, Badiiy akademiya o‘rtasida tarmoq kelishuvlari imzolandi.

Mazkur kelishuvlarga madaniyat, kino va tasviriy sanʼat tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarni rag‘batlantirib borish, sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida  mehnatga haq to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish, xodimlarga uy-joy sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashish, soha vakillarining xalqaro loyihalardagi ishtirokini taʼminlash orqali tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalar kiritilgan. Shuningdek, Tarmoq kelishuvlariga kino sanoati, nomoddiy madaniy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan xalq ijodiyoti, tasviriy sanʼat yo‘nalishlaridagi eng yorqin asarlarni xalqaro arenalarga olib chiqish tizimini joriy etish, har yili turizm sohasida ilg‘or natijalarga erishgan xodimlarga hordik chiqarishlari, sog‘liqlarini tiklashlari uchun kasaba uyushmalari sihatgohlariga imtiyozli yo‘llanmalar ajratish, madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari uchun sog‘lomlashtirish markazini tashkil etish, madaniyat va sanʼat yo‘nalishidagi oliygohlar talabalarining xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘quv amaliyotini o‘tishlariga erishish kabi masalalar kiritilgan.

Bundan tashqari, yosh umidli iqtidorlarni otaliqqa olish, ularning dunyo sahnasiga chiqishiga birgalikda ko‘mak berish, o‘quv yili davomida muvaffaqiyatlarga erishgan eng iqtidorli va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘makka muhtoj talabalar uchun “O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi stipendiyasi”ni joriy etish yo‘nalishlaridagi ishlarni amalga oshirishga ham kelishib olindi. 

Tarmoq kasaba uyushmasi va tegishli vazirlik hamda tashkilotlar o‘rtasida imzolangan kelishuvlarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ularda ko‘p yillar mobaynida mehnat qilib, xalq eʼtiborini qozongan, yurtimiz madaniyati va sanʼati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ustoz va faxriylarga eʼtiborni kuchaytirish, ularga g‘amxo‘rlik va eʼzoz ko‘rsatish masalalari ham o‘z aksini topgan.

Mavzuga oid

Namangan bilan Sverdlovsk viloyatlari o‘...

Namangan viloyati Turizmni rivojlantirish boshqarmasi bilan Rossiya Federatsiyasining Sver...

O‘zbekiston turizm salohiyati xalqaro an...

O‘zbekiston elchixonasi mamlakatimiz Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi T...

Janubiy Koreya buddistlarini O‘zbekiston...

Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi xodimlari va Janubiy Koreyaning “Chogye” buddistlar...

So`nggi yangiliklar