Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Noyabr/2021   Iqtisodiyot

Turkiston shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda Hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazildi


 TOSHKENT, 27 noyabr. “Dunyo” AA/. Kecha Turkiston shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning XIX yig‘ilishi hamda Hududlararo hamkorlik III forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zA maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston Bosh vazirlari ishtirok etgan forum va majlisda ikki tomonlama munosabatlar bugungi yuksak darajaga ko‘tarilishining zamirida Davlatlarimiz rahbarlarining o‘zaro ishonchli va do‘stona munosabatlari mujassamligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, oxirgi besh yil ichida O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 6 barobar oshib, 1 ming 48 taga yetdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 4 yilda qariyb 60 foiz o‘sib, yiliga 3 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning topshiriqlariga asosan Hukumatlar rahbarlari zimmasiga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2022 yilda 5 milliard dollarga, keyingi 5 yilda esa 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha vazifa yuklatilgan.

Ushbu maqsadga erishish uchun qo‘shma ulgurji tarqatish markazlarini yaratish loyihasini imkon qadar tezroq amalga oshirish kerakligi belgilandi.

Shuningdek, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, yengil sanoat, mashinasozlik, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Ikki davlat chegaradosh hududida tashkil etilayotgan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim nuqtaga aylanishi mumkin.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish ham ikki tomon uchun birdek manfaatlidir.

Hukumatlar rahbarlarining maʼlum qilishlaricha, ayni payt bo‘lajak Oliy darajadagi tashrifga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Hududlararo hamkorlik forumi va Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi mazkur tashrif kun tartibini mazmunan boyitishga xizmat qiladi.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida, shuningdek, madaniy-gumanitar sohada anʼanaviy yaqin aloqalarni mustahkamlash va yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat hududlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi va savdo shartnomalarining yangi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid

Turk kompaniyasi O‘zbekistonga bioorgani...

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magi bilan «BMB Trade Group» kompa...

Toshkent shahar hokimi Xitoy kompaniyasi...

Toshkent shahar hokimi Xitoyning yirik biznes doiralaridan biri «Xinjiang Hualing Industry...

Suv xo‘jaligi vazirligida Jahon banki bi...

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida Jahon bankining Sharqiy Yevropa va Mark...

So`nggi yangiliklar