19/Yanvar/2022 Iqtisodiy diplomatiya
TOSHKЕNT, 19-yanvar. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari videokonferensiya aloqasi vositasida Teknopol Istanbul (Turkiya) vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri vazirlik matbuot xizmati ma’lumotiga tayangan holda.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashilgani barobarida 2021 yil dekabr oyida Turkiyada imzolangan Memorandumni amalga oshirish ta’minlanishi uchun “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga ham erishildi.
Tadbir chog‘ida o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlari belgilab olindi. Xususan, Teknopol Istanbul bilan birgalikda Buxoro shahrida qurilayotgan yoshlar texnoparki hududida tibbiyot sohasida texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan biznes-inkubator tashkil etish, qo‘shma konferensiyalar, treninglar, tanlov, seminar, davra suhbatlari, qo‘shma ilmiy-konstruktorlik loyihalari ko‘rgazmalarini tashkil etishga kelishildi.
Teknopol Istanbul bilan hamkorlikda tajriba almashish hamda akseleratsiya dasturlari, ilg‘or tajriba o‘rganish maqsadida safarlar uyushtirish, mentorlik va startaplar uchun qo‘shma yarmarkada ishtirok etish uchun imkoniyatlar yaratish va boshqa masalalar ham atroflicha muhokama etildi.