Uz / Ўз Ru En

Toshkent

21/Iyun/2021   Media

Turkiya matbuoti: O‘zbekiston katta bunyodkorlik va qurilish maydoniga aylandi


ISTAMBUL, 21 iyun. /«Dunyo» AA/. Turkiyadagi yetakchi - «Turkiye» va «Yeni dönem» gazetalarida «Yangi O‘zbekiston» («Yeni Özbekistan») sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

  Turkiyalik ekspert Irfan Hattatoglu qalamiga mansub ushbu materialda mamlakatimiz tarixi va  so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlar, yangilanishlar va o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

Muallifga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish asoslari kun sayin mustahkamlanib bormoqda.

 «Turkiy xalqlarning markazi bo‘lgan va o‘tmishda Movaraunnahr nomi bilan tanilgan mintaqa azaldan ilm-fan va sivilizatsiya markazi bo‘lib kelgan, - deb yozadi muallif.- Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hadislar kitobi Islom dinining mustahkam asoslarini yaratishda muhim rol o‘ynagan. Ushbu mintaqada yashagan Xorazmiy matematika kashf qilgan bo‘lsa, Farobiy va Ibn Sino kabi allomalar falsafa va tibbiyotda buyuk iz qoldirgan»

Maqolada  mushtariylar e’tiboriga Amir Temur davrida gullab-yashnagan Movaraunnahr va uning poytaxti – Samarqand va Temuriylar qoldirgan boy meros haqidagi ma’lumotlar havola qilingan.

«Tarix va adabiyot sohasida Temuriylar davri turkiy tarixdagi eng yorqin davrlardan biridir, - deya ta’kidlanadi  maqolada. - Ushbu davrda Markaziy Osiyo haqiqiy ikkinchi Uyg‘onish davrini boshdan o‘tkazdi. Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek astronomiya fani uchun rasadxona qurish va 1018 yulduzni hisoblash orqali kelajak avlodlarga noyob meros qoldirdi. Temuriylar davri, shuningdek, butun turkiy dunyo uchun Alisher Navoiydek buyuk so‘z mulkining sultonini yetkazib bergani bilan ham faxrlidir. 

Ushbu maqolada 2016 yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan mamlakat yangi davrga qadam qo‘yganiga alohida e’tibor qatilgan.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan besh yil davomida O‘zbekiston  katta bunyodkorlik va qurilish maydoniga aylandi. Ilm-fan, texnologiya, dehqonchilik, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, eksportga ahamiyat berish, xalqaro hamkorlik tashkilotlariga a’zo bo‘lish va qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlik qilish sohalariga kiritilgan sarmoyalar bilan O‘zbekiston yangi o‘ziga xoslik kasb etdi. «34 million aholisi bo‘lgan Markaziy Osiyo respublikalari orasida eng ko‘p aholisi bo‘lgan mamlakat so‘nggi besh yillik o‘sish sur’ati tahlil qilinganida rekord darajada - 7 foizga o‘sdi», deyiladi materialda.

Muallifga ko‘ra, obodligi kundan-kunga oshib borayotgan va boy tabiiy resurslarga ega bo‘lgan O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatning asosiy muammolariga tezkor yechimlarni ishlab chiqish orqali inqilobiy natijalarga erishmoqda. Sarmoyaga asoslangan o‘sish bilan bir qatorda iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi va xorijiy investorlar foydasiga asoslangan kuchli menejmentning qarorlari amalga oshirildi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi korxonalar ochishdagi byurokratiyani kamaytirish, valyuta o‘tkazmalarini osonlashtirish to‘g‘risidagi qator qarorlari xorijiy investorlarning mamlakatga kelishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, - deb yozadi gazeta. - O‘zbekiston yangi davrga asos solmoqda va xalqaro maydonda «Yangi O‘zbekiston» tushunchasi yaratilmoqda».

Bundan tashqari qabul qilingan investitsiyalar va loyihalar hisobiga ishsizlik darajasi bo‘yicha 11,1 foizgacha kamaygan O‘zbekistonda ko‘plab sohalarga e’tibor berish jadal davom etmoqda. Qonun ustuvorligi, erkinlik, demokratlashtirish, xotin-qizlar huquqlari, ayollarning siyosiy vakolati, korrupsiyaga qarshi kurashish, qashshoqlikni yengish, barqaror rivojlanish, ekstremistik harakatlar va terrorizmga qarshi kurash O‘zbekiston rahbarining ustuvor vazifalaridan biridir.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatning boy  madaniy me’rosini va tabiatini muhofaza qilishga ham alohida ahamiyat beradi. Ushbu g‘oyalar uning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida sanab o‘tgan 12 ta taklifida aks etdi. Shu nuqtai nazardan, u Orol dengizi va uning atrofini ifloslanishiga qarshi kurashda BMT bayrog‘i ostida hamkorlik qilishga chaqirdi.

 «Yangi Uyg‘inish davrini boshdan kechirayotgan O‘zbekistonda mamlakat taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sishi uchun bundan qariyb besh yil avval qadalgan  urug‘lar meva bera boshladi», - deb yozadi Irfan Hattatoglu maqola intihosida.

Mavzuga oid

Turkmaniston “Texnopark” MCHJ hududida ...

Turkmanistonning “turkmenportal.com” axborot portalida “Turmaniston o‘zbek konditsionerlar...

O‘zbekiston Osiyo mamlakatlarini COVID-1...

Xitoydagi eng nufuzli kundalik nashrlardan biri «Jenmin Jibao» gazetasining veb-sahifasida...

«Barqaror rivojlanish maqsadlariga erish...

Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlaridan biri - «The Korea Post» o‘zining elektron sahifas...

So`nggi yangiliklar