Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/Sentabr/2020   Jamiyat

Turkiyalik olimlar: “Prezident Mirziyoyevning BMTdagi nutqi tarix chig‘irig‘idagi yangi davrdan dalolat beradi”


ANQARA, 28 sentyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti o‘zbek tiliga doir yagona davlat siyosati olib borish, uni keng targ‘ib etib, jahon hamjamiyatida muhim aloqa vositalaridan biri sifatida o‘ziga xos o‘rnini mustahkamlashda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda faol sa’yi-harakatlar amalga oshirmoqda.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida Turkiyaning Turk tili qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29-yilligi va davlat tilining keng targ‘ibоtiga bag‘ishlangan “O‘zbek tili va madaniyati” mavzusida onlayn-anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi yordamida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev, tashqi ishlar vazirining maslahatchisi Rahmatulla Nazarov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov, O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jayev va boshqalar ishtirok etdi.

Anjumanda Turkiya tomonidan Turk til qo‘mitasi rahbari professor G.Gulsevin, Turkiya Respublikasining Otaturk madaniyat, til va tarix oliy organi raisi, professor M.Hekimog‘lu, Turk til qo‘mitasi boshqaruv kengashi a’zosi, Anqara Hoji Baram Valiy universiteti professori, H.Chengel va boshqalar qatnashdi.

Onlayn-tadbirda O‘zbekistonda davlat tilining rivojlanishi, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish, kelgusida birgalikda o‘tkaziladigan anjumanlar va boshqa masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa davlat tili va uning rivojlantiriliga oid sa’y-harakatlar yuqori baholandi. Hususan, Anqara universiteti Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar kafedrasi o‘zbek tili o‘qituvchisi Aynur O‘zo‘zjan Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqini o‘zbek tilida taqdim etgani nafaqat 34 millionlik o‘zbek xalqining, balki dunyoda millionlab o‘zbek tili ixlosmandlarini ham hayajonga solganini ta’kidladi. Olimaning fikricha, bu davlat rahbarining o‘zbek xalqiga, davlat tiliga bo‘lgan samimiy munosabatining hamda o‘z mamlakatining dunyodagi o‘rni va kelajagiga bo‘lgan ishonchning dalolatidir.

Anqara Hoji Baram Valiy universiteti professori, taniqli tilshunos olima Hyulya Chengel esa, O‘zbekiston rahbarining bu amalini “olqishga munosib muhim siyosiy odim” deb baholab, “buning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga ta’zim qilamiz”, dedi. Olimaning ta’kidlashicha, “til dil kalitidir va shuning uchun ham BMTdagi ushbu nutq nafaqat O‘zbekiston uchun, balki turkiy tillarni tushunadigan butun turkiy dunyosi uchun qalblarga chuqur kirib boradigan xushxabar bo‘ldi.”

H.Chengelning qayd etishicha, “Alisher Navoiy, Mahmud Qashg‘oriy, Abdulhamid Cho‘lpon va turkiy dunyoning boshqa ko‘plab yorqin namoyondalarining muloqat vositasi bo‘lgan qadim chig‘atoy tili bugungi o‘zbek tilida o‘zini namoyon etmoqda va u butun Markaziy Osiyo til madaniyatining asosi, hatto Qomusidir”. Olimaning fikricha, bu tilda BMTda nutq yangragani mazkur global tashkilot tarixida ham yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Tadbir qatnashchilari o‘zbek tilini o‘rganish va targ‘ib qilish borasida qator o‘zaro manfaatli loyihalarni birgalikda amalga oshirish haqida kelishib oldi. YouTube va Facebook tarmoqlari orqali jonli translyatsiya qilingan ushbu anjuman ko‘plab ixlosmandlarning e’tiborini qozondi.

Mavzuga oid

«The Korea Post»: Toshkent “O‘zbekiston-...

«The Korea Post»: Toshkent “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon” va “O‘zbekiston-Qirg‘izis...

Oliy Majlis Senati Raisi «Tenglik avlodi...

Joriy yil 29-31 mart kunlari Mexiko shahrida videokonferensaloqa shaklida «Tenglik avlodi»...

Imom Buxoriy majmuasi qayta rekonstrutsi...

Imom Buxoriy majmuasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar m...

So`nggi yangiliklar