19/Yanvar/2022 O’zbekiston dunyo nigohida
ASHXOBOD, 19-yanvar. /«Dunyo» AA/. Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi Turkmaniston ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusiga aylandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri. Xususan, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi, «Turkmenportal.com» va «Orient.tm» axborot agentliklari elektron partallarida mazkur tashrif tafsilotlariga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilindi.
Ularda Turkmaniston delegatsiyasi tashrif davomida O‘zbekistonning qator vazirliklarida muzokaralar o‘tkazgani, xususan, mamlakatimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingani atroflicha qalamga olingan.
«17 yanvar kuni O‘zbekiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, - deb yozadi Turkmaniston nashrlari. - Tashrif davomida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari -investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligidagi muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki qo‘shni davlat o‘rtasida tibbiyot sanoatini rivojlantirish, kasalliklarning oldini olish va aholi salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar».
Turkmaniston OAV mamlakat delegatsiyasi uchun Toshkent shahridagi Texnoparkning sanoat va qishloq xo‘jaligi ekspozitsiyasiga tur tashkil etilganiga alohida e’tibor qaratdi. «Ko‘rgazmada, ushbu yo‘nalishda istiqbolli yuqori texnologik loyihalar haqidagi ma’lumotlar berildi», deb yozadi turkman nashrlari.
Barcha xabar va maqolalarda hukumat delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi Turkmaniston Prezidentining topshirig‘i bilan amalga oshirilgani alohida qayd etilgan.