Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Avgust/2020   O‘sish nuqtasi

“UzbekMart” – pandemiya sharoitida milliy mahsulotlarni chet ellik hamkorlarga taqdim qilishning qulay platformasi


TOSHKENT, 11 avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning tashqi iqtisodiy sohasida tashqi savdo hajmi va eksportni tizimli ravishda oshirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan so‘nggi yillarda sohaga qaratilayotgan e’tibor va qabul qilingan huquqiy asoslar eksportni O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘ziga xos o‘sish nuqtasiga aylantirish imkonini bermoqda.

Bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash, raqobatbardosh afzalliklarga ega tarmoqlarda ijobiy dinamikani ta’minlashda esa O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi yaqindan ko‘mak berib kelmoqda.

O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi raisi Muxtor Umarov “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda idora faoliyati, o‘z mahsulotlarini xorijiy bozorlarga sotish istagidagi mamlakatimiz tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi.

– O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, qulay iqlim va unumdor tuprog‘i, tabiiy resurslar va inson kapitaliga boyligi uning eksport salohiyatining nechog‘lik yuqori ekanidan dalolat, - deydi M.Umarov. - Shu bois bugun davlatimiz rahbari topshiriqlari bilan mamlakatimizda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tashqi savdoda xaridorgir raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, xizmatlar eksporti hajmini keskin oshirish yo‘lida tizimli ishlar ro‘yobga chiqarilmoqda.

O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi esa o‘z faoliyatini ayni maqsadlar ijrosini ta’minlash asosida tashkil etib kelmoqda. Prezidentimiz olib borayotgan iqtisodiy islohotlarga ko‘makchi bo‘lish, xalqaro savdoni rivojlantirish, davlat va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarish biz intiladigan ustuvor vazifalardir. Shu orqali tadbirkorlarning tashqi bozorlarga chiqishlarida amaliy ko‘mak ko‘rsatib, eksportchilar huquqlarini himoya qilish, buning uchun turli tashkilotlarni eksport kesimida birlashtirishga intilmoqdamiz.

Qayd etish joiz, eksport faoliyatiga axborot-tahliliy ko‘maklashish uning muvaffaqiyati garovidir. Shu bois chet ellardagi nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Chet eldagi investorlarni jalb qilish, tadbirkorlarga investorlar, hamkorlar, moliyaviy tashkilotlar topishda ko‘maklashish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirib kelyapmiz.

O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi qisqa fursatda o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar bo‘yicha qator natijalarga erishmoqda. Jumladan, Xalqaro savdo-sanoat palatalari hamda Savdo tashkilotlari bilan sheriklik aloqalari o‘rnatildi, O‘zbekistonning xorijdagi 43 ta diplomatik vakolatxonasi bilan hamkorlik o‘rnatildi.

Uyushma tizimida ilmiy faoliyatni samarali tashkil etishga ham alohida ahamiyat beriladi. Bunda “Investor support center” va “R&D” ilmiy-tadqiqot markazlari imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.

Har bir ish natijasi yakuniy tahlil asosida o‘rganib borilishi darkor. Bu maqsad sari intilishdagi yutuq va kamchiliklarni aniqlash, tegishli xulosa va rejalar ishlab chiqish, shu asosda muammolarga samarali yechim topishga imkon beradi. Qayd etish kerak, bugun mamlakatimizda ana shunday tizim mavjud –O‘zbekiston Respublikasining Eksport ko‘rsatkichlarini aniqlash va tahlil qilish bo‘limi ochilgan.

Uyushma faoliyati orqali bugungi kunda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan eksport kesimida bir platformada ishlashni yo‘lga qo‘yishga erishildi. Shuningdek, “UzEXIM Capital” investitsiya kompaniyasiga asos solindi, 16 ta davlatda biznes elchilar tayinlandi. Internet tarmog‘i imkoniyatlaridan foydalangan holda “Telegram” messenjerida 4 mingdan ziyod obunachiga ega uzluksiz ma’lumot almashish va ulardagi mavjud muammolarga zudlik bilan javob qaytarish muloqot tizimi yaratildi va Onlayn savdo platformasi (http://uzbekmart.com/) ishga tushirildi.

“UzbekMart” platformasi – O‘zbekistondagi eksport mahsulotlarini chet ellik hamkorlarga taqdim qilish, milliy mahsulotlarni «Made in Uzbekistan» belgisi ostida chet mamlakatlarda keng ko‘lamda eksport qilishda ko‘maklashish maqsadida ishga tushirildi.

Platforma O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, u yurtimizdagi tadbirkorlik milliy mahsulotlarini taqdim qiladi.

Platforma “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da O‘zbekistonda elektron tijoratni shakllantirish va raqamli iqtisodiyot tizimiga hissa qo‘shish, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashishga xizmat qiladi. Bundan tashqari mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, tadbirkor va tijorat kompaniyalarini davlat tashkilotlari bilan eksport kesimida hamkorlikka chorlaydi.

Bugungi kunda loyiha doirasida 100 ga yaqin korxona va 300 dan ortiq mahsulot saytga joylandi. Saytning kunlik kuzatuvchilari soni ortib borayotgani unga bo‘lgan talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi yaratgan ushbu platforma pandemiya sharoitida o‘z samarasini bermoqda. Xalqaro qatnovlar cheklangan bugungi kunda mavjud eksportchi korxonalar o‘z savdo amaliyotini ushbu platforma orqali amalga oshirib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishishi mumkin.

Ulug‘bek Shonazarov yozib oldi,

“Dunyo” AA.

Mavzuga oid

Barqaror qishloq xo‘jaligi va istiqbolli...

“Dunyo” AA muxbiri “Global Export Company” kompaniyasi taʼsischisi va bosh direktori Davro...

Fransiya kompaniyasi Toshkentda suv va o...

1858 yilda tashkil etilgan SUEZ kompaniyalar guruhi shahar suv ta’minoti tizimlarini boshq...

Jarqo‘rg‘onda yiliga 1,1 million tonna s...

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida loyiha qiymati qariyb 144 million dollar bo‘lgan...

So`nggi yangiliklar