Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Sentabr/2021   Tadbirlar

V Xalqaro kongressda O‘zbekiston madaniy merosi bo‘yicha 40 ta yangi kitob-albom taqdim etiladi

TOSHKЕNT, 9 sentabr. /«Dunyo» AA/. «O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish – zamonaviy bosqichda” mavzusidagi V Xalqaro  kongress 13-21 sentabr kunlari Toshkent, Xiva va Nukus shaharlarida o‘tadigan madaniy meros haftaligi doirasida o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.. 


Tadbirning asosiy voqeasi sifatida “O‘zbekiston madaniy merosi – dunyo to‘plamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning 40 ta yangi jildi taqdimotlarini ko‘rsatish mumkin. Pandemiya davrida ham O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyatining faoliyati to‘xtab qolgani yo‘q, aksincha yanada muvaffaqiyatli davom etdi. O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish bilan shug‘ullanib kelayotgan o‘nlab o‘zbekistonlik va chet ellik sharqshunos olimlar yangi kitoblar uchun ma’lumotlar to‘plashdi. 
«O‘zbekiston madaniy merosini asrash bo‘yicha keng qamrovli loyihamizni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekiston hukumatidan minnatdormiz. Pandemiya davrida biz Vengriya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa qator mamlakatlarning olimlari bilan aloqa o‘rnatib, hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Ana shunday sa’y-harakatlarning natijasi o‘laroq, kitob-albomning 40 jildi dunyo yuzini ko‘rdi. Bu ishlarni amalga oshirgan olimlarimizga minnatdorchilik bildirib, shunday og‘ir damlarda safimizni tark etgan do‘stlarimizning yaqinlariga hamdardlik bildiraman”.
Qayd etish lozimki, Butunjahon jamiyatining navbatdagi kongressida mamlakatimizdan, shuningdek, Rossiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Vengriya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Yaponiya, Albaniya, Avstriya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Gretsiya, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Eron, Xitoy, Livan, Mo‘g‘uliston, BAA, Niderlandiya, Ukraina, Polsha singari 40 ga yaqin mamlakatdan 350 nafar tarixchi va sharqshunos olimlar ishtirok etishi kutilmoqda. 
Kongress O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining faoliyatiga bag‘ishlangan yalpi yig‘ilish bilan boshlanadi. Jahonning muzey va kutubxonalariga “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” turkumiga oid kitob-albomlarning 500 jildini tantanali topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tadi. 
Shundan so‘ng ikki kun davomida sho‘’ba majlislari o‘tkaziladi. O‘zbekiston qo‘lyozmalari, me’moriy obidalari va boshqa madaniy meros namunalarini asrash yuzasidan dunyo olimlarining qiziqarli ma’ruzalari tinglanadi. Asosiy e’tibor “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasining noshirlik faoliyati yangi yo‘nalishlarini izlash va tasdiqlashga qaratiladi. 
An’anaga ko‘ra, Kongress Butunjahon jamiyati a’zolarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati va yakuniy rezolyutsiya qabul qilishi bilan yakunlanadi. Shuningdek, Butunjahon jamiyatining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasi muhokama qilinadi. 
Kongressning tantanali ochilishi arafasida butun dunyo olimlari tadbir ishtirokchilariga o‘z tabriklarini yo‘llamoqda:
Salman al-Mahariy, Bahrayn Madaniyat, arxeologiya, muzeylar va osori-atiqalar boshqarmasi mudiri, arxeologiya bo‘yicha falsafa doktori:
- Ayni damda menga O‘zbekiston xalqi va rahbariyatini mamlakatiingiz mustaqilligining 30 yilligi bilan qutlash alohida mamnuniyat baxsh etadi. Shuningdek, mazkur kongressni tashkil etishga qaratayotgan kuch va imkoniyatlari uchun tashkiliy qo‘mitaga ham o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Turli mamlakatlardan vakillar, ma’ruzachilar bir joyda to‘planib, o‘z bilimlari, fikr-mulohazalari  bilan o‘rtoqlashganini ko‘rish juda ham quvonarlidir. 
 Aleksandr Sedov, Davlat Sharq muzeyi bosh direktori, Moskva:
-“O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasini amalga oshirish madaniy va ilmiy hamjamiyatda mutlaqo o‘ziga xos voqea sanaladi. Loyiha O‘zbekiston tarixiy-madaniy merosining qanchalik bebaho va ulug‘vor ekani, uning dunyo madaniyatidagi o‘rni va ahamiyatini  ko‘rsatadi, keng qamrovli missiyaga egaligi, turli millat va yo‘nalishga ega insonlarni birlashtirishi, faoliyati kengayib borayotgani  bilan ajralib turadi. 
Frederik Bopertyui-Bressan, Temuriylar uyushmasi asoschisi va prezidenti, Parij: 
- V Xalqaro kongressning ochilishi bilan Butunjahon jamiyati a’zolarini tabriklayman. O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan beri o‘tgan 30 yil mobaynida, ayniqsa, keyingi yillarda Markaziy Osiyo madaniy merosini o‘rganish yuzasidan juda katta ishlar amalga oshirildi. Dunyoning eng yirik muzeylari, ilmiy muassasalari bilan keng ko‘lamli tadqiqotlar amalga oshirildi. 
Shirin Yashar qizi  Malikova, Ozarboyjon milliy gilamchilik muzeyi direktori, san’atshunoslik bo‘yicha falsafa doktori: 
- Zamonaviy O‘zbekiston – madaniy makonda o‘z o‘rnini tobora topib borayotgan, shu bilan birga, tarixiy an’analarni saqlash va targ‘ib etishda dunyo miqyosida o‘rnak ko‘rsatayotgan mamlakat. O‘zbekiston, shuningdek, xalqaro uchrashuvlarni tashkil etishda eng qulay va mehmondo‘st maskan hisoblanadi. Kongress ham bu o‘lkaning boy va betakror madaniyatiga qiziquvchi insonlarni birlashtirish uchun mustahkam ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston harbiylari «Kembriya patruli...

O‘zbekiston mudofaa vazirligi harbiylari guruhi joriy yil 29 sentyabr - 17 oktyabr kunlari...

Janubiy Koreyaning Shimoliy iqtisodiy ha...

Koreya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Shimoliy iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi raisi Pak...

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlarining...

Bugun ertalab O‘zbekiston poytaxtida «BMT Global aksilterror strategiyasi (GATS)ni amalga ...

So`nggi yangiliklar