27/Yanvar/2023 O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida
VARSHAVA, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Bahrom Boboyev Polsha Seymi (parlamentning quyi palatasi) deputati, Polsha Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari va Polsha rivojlanish va texnologiyalar vaziri Yadviga Yemilyevich bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Polsha o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, parlamentlararo va savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Deputat Polsha O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim va ishonchli hamkor deb bilishini, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak qadrlashini, buning natijasi o‘laroq, bugungi kunda O‘zbekiston innovatsion iqtisodiyot uchun ulkan salohiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy sohada hech qanday muammo va kelishmovchiliklar mavjud emasligi, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Yadviga Yemilyevich 10 martdan boshlab Varshava va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini ochish to‘g‘risidagi qaror Polsha aviakompaniyalari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingani va bu ikki mamlakat ham bir-biri haqida ko‘proq bilib olishlariga xizmat qilajagini taʼkidladi. Madaniy-gumanitar va mintaqalararo sheriklikni yana-da rivojlantirish uchun O‘zbekiston va Polsha shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish muhimligi bildirildi.
Polsha deputati joriy yil 2 - 19 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan 20-Toshkent Xalqaro investitsiya forumida maʼruza bilan ishtirok etishga tayyor ekanligi ham maʼlum qilindi.