11/Aprel/2023 Sanalar
AMERSFORT (Niderlandiya), 11 aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi xodimlari Niderlandiyaning Amersfort shahri yaqinidagi sobiq “Amersfort” konslageri hududida joylashgan «Kudrist monumenti»da o‘tkazilgan gul qo‘yish marosimida ishtirok etdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Niderlandiyaning «Sovet sharaf maydoni» jamg‘armasi, «Amersfort konslageri» milliy monumenti hamda Amersfort shahri maʼmuriyati hamkorligida tashkil etildi.
Gul qo‘yish marosimi - «Sovet sharaf maydoni» jamg‘armasi tomonidan 2012 yildan buyon har yili 9 aprel kuni o‘tkazib kelinadigan anʼanaviy xotira tadbiri hisoblanadi.
Marosim «Kudrist monumenti» yonida o‘tkazilishining zamirida o‘ziga xos maʼno bor. Xususan, 1942 yil 9 aprel kuni ertalab soat 6 lar atrofida monument joylashgan joyda (xalq orasida Kudrist nomi bilan tanilgan) sobiq sovet armiyasining 77 nafar askari nemis fashistlari tomonidan otib tashlangan. Qatl etilganlar - 1941 yil
27 sentyabr kuni “Amersfort” konslageriga olib kelingan va aksariyati Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistondan bo‘lgan 101 nafar soldatning tirik qolganlari edi. Bungacha esa lagerga olib kelingan 24 nafar askar ochlik, qiynoq va kasalliklar natijasida olamdan o‘tgan edi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng topilgan ommaviy qatl joyida 1954 yilda ilk yodgorlik o‘rnatilgan bo‘lib, 1962 yil 4 mayida uning o‘rnini hozirgi memorial egallagan. Keyinchalik esa 101 nafar askarning barchasi shu yaqin atrofdagi “Rastxof” qabristoni hududida ochilgan «Sovet sharaf maydoni» xotira majmuasi hududida qayta dafn etilgan.
Bu yil Ikkinchi jahon urushi paytida Niderlandiya hududida fashistlar tomonidan amalga oshirilgan eng yirik ommaviy qatllardan bo‘lgan fojeaga 81 yil to‘ldi.
9 aprel kuni «Kudrist monumenti» yonida Niderlandiya jamoatchiligi, «Sovet sharaf maydoni» jamg‘armasi, «Amersfort konslageri» milliy monumenti hamda Amersfort shahri maʼmuriyati vakillari, o‘zbekistonlik vatandoshlar va OAV vakillari to‘plandi.
Marosim avvalida Amersfort shahri maʼmuriyati, «Sovet sharaf maydoni» jamg‘armasi rahbariyati, Niderlandiya jamoatchligi vakillari so‘zga chiqishib Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlarga qarshi kurashda qurbon bo‘lganlarning xotirasini avaylab asrash hozirgi avlod vakillarining muqaddas burchi ekanligini qayd etdilar.
Jumladan, «Sovet sharaf maydoni» jamg‘armasi boshqaruvi raisi, taniqli jurnalist va tarixchi Remko Reyding marosimga kelganlarga minnatdorlik bildirar ekan, “Amersfort” konslagerida qurbon bo‘lgan, barcha qiynoq va azob-uqubatlarga qaramay o‘z Vatanini sotmagan, shaʼni va g‘ururini yerga urmagan o‘g‘lonlarning mardligi va jasorati hozirgi hamda kelajak avlodlar uchun ibrat bo‘lishi kerakligini taʼkidladi. «Biz esa ularning muqaddas xotirasini asrab-avaylash, qahramonlarning nomlarini aniqlashni davom ettirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz», dedi Remko Reyding.
Niderlandiyada dafn etilgan sobiq sovet, shu jumladan, o‘zbek askarlarining shaxsini aniqlashga Remko Reyding o‘zining
20 yildan ko‘proq umrini bag‘ishlagan.
Shu kungacha Remko Reydingning saʼy-harakatlari bilan 300ga yaqin askarning shaxsi aniqlangan. Eʼtiborlisi, u O‘zbekistonga bir necha bor kelib, o‘zbek askarlarining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qahramonliklarini targ‘ib etishga bag‘ishlangan bir qator tadbirlarda ishtirok etgan.
Bundan tashqari, Remko Reyding 101 nafar o‘zbekistonlik askar qahramonligiga bag‘ishlangan «Sharaf maydoni farzandi» romanining muallifi hamdir.
Ayni paytda Niderlandiyada dafn etilgan 101 nafar askarning shaxsini aniqlashga qaratilgan loyihani amalga oshirish ishlari faol davom etmoqda. Jumladan, 2021 yil boshida Remko Reyding tomonidan o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinayotgan bir necha askarning hujjatlari topilib, ularning shaxsini aniqlash borasidagi ishlar boshlangan.
...9 aprel kuni esa, anʼanaga ko‘ra ishtirokchilar monument poyiga guldastalar qo‘ydilar va bir daqiqalik sukut saqlandi.
Shuni ham alohida taʼkidlash joizki, marosimda bir guruh o‘zbekistonlik vatandoshlar ham ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida «Sovet sharaf maydoni» jamg‘armasi boshqaruvi raisi Remko Reyding hamda Niderlandiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan qisqacha suhbat bo‘lib o‘tdi.
Muloqot yakunida muborak Ramazon hayiti va 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan may oyining boshida Ikkinchi jahon urushi yillarida Niderlandiyada qurbon bo‘lgan o‘zbekistonlik askarlar xotirasiga bag‘ishlab Amersfort shahrida xotira marosimini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.