Uz / Ўз Ru En

Toshkent

21/Dekabr/2020   Madaniyat

Viktoriya va Albert muzeyi I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor


LONDON, 21-dekabr. /«Dunyo» AA /. Buyuk Britaniya bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish doirasida O‘zbekiston elchixonasi Nukus shahridagi I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi va Londondagi Viktoriya va Albert muzeyi (V&A) o‘rtasida onlayn-muzokaralar tashkil etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbir Nukus muzeyi uchun zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda muzeyshunoslarni tayyorlash sohasida ikki muzey o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida uyushtirildi.

Anjumanda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisining madaniy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Gulbahor Izentayeva, I.Savitskiy nomidagi muzey direktori vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Serekeyev, Viktoriya va Albert muzeyining «V&A Academy» ta’lim akademiyasi rahbari Yan Ellard, xalqaro loyihalar muvofiqlashtiruvchisi Yevgeniya Ravsova va «V&A Academy» akademiyasi xodimi Malini Ballak ishtirok etdi.

Britaniyaliklarga O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosini asrab-avaylash hamda uni butun dunyoga targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida so‘zlab berildi.

Muzeyga virtual ekskursiya tashkil etildi, Qoraqalpog‘iston xalq amaliy san’ati hamda rus avangardi asarlari to‘plamlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Britaniyaning «The Guardian» jurnali 2019 yil mazkur muzeyni “O‘zbekiston Luvri” deb atagani ta’kidlandi.

Gulbahor Izentayevaning so‘zlariga ko‘ra, muzey kolleksiyasida rasmlar, qo‘yozmalar, haykaltaroshlik va grafika asarlari kabi 82 mingdan ortiq san’at namunasi mavjud.

Buyuk Britaniya vakillariga restavratsiya sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga taklif qilindi. Chunki mazkur yo‘nalishdagi mutaxassislar yetishmayotgani sababli muzey bugun mavjud kolleksiyaning atigi 2 foizini namoyish qilmoqda.

Viktoriya va Albert muzeyi vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikni uzoq muddatli asosda, shu jumladan muzey kolleksiyalarini tiklash bo‘yicha maxsus treninglar tashkil etish orqali o‘rnatishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, «V&A Academy» rahbari Yan Ellard 2021 yil I.Savitskiy muzeyi mutaxassislari uchun muzey ishlari bo‘yicha haftalik intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish taklifini bildirdi. Bu tadbirlar ko‘rgazmalarni rejalashtirish va o‘tkazish, kolleksiyalarni saqlash, muzey ashyolarining raqamli nusxalarini yaratish, ko‘rgazma faoliyatini rivojlantirish, muzeylarda keytering xizmati, nashriyot ishi, raqamli auditoriyani yaratish, marketing va boshqa yo‘nalishdlarni qamrab oladi.

Tomonlar memorandum imzolash orqali amaliy hamkorlikni boshlashga kelishib oldi.

Ma’lumot uchun. Viktoriya va Albert muzeyi 1852 yil qirolicha Viktoriya va shahzoda Albert sharafiga tashkil etilgan. U dunyodagi eng yirik amaliy va dekorativ san’at, dizayn va haykaltaroshlik muzeyi hisoblanadi. Har yili muzeyga 3,9 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi.

Mavzuga oid

Virtual muzeylar konseptsiyasi taqdim et...

Madaniyat vazirligida «SmartChain» mas'uliyati cheklangan jamiyat tomonidan MDH davlatlari...

Rossiya Federatsiyasi Davlat film fondid...

Rossiya Federatsiyasi Davlat film fondida saqlanayotgan "Kelinlar qo‘zg‘oloni" va "Achchiq...

Anqarada Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishl...

Turkiya Milliy kutubxonasida mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan buyuk muta...

So`nggi yangiliklar