02/Dekabr/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 2 dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov kecha YEXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi doirasida tashkil etilgan «Hurmat va sodiqlikni qanday tiklash mumkin? YEXHT uchun ssenariylar» mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda YEXHTning amaldagi raisi, Bosh kotibi, Parlament assambleyasi prezidenti, tashkilotga aʼzo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘z nutqida xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi umumiy maqsadlarga erishish uchun YEXHT doirasida qarama-qarshilikdan voz kechish va o‘zaro ayblovlarga o‘tib ketmaslik zarurligini taʼkidladi.
Tomonlar o‘rtasida ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun muloqot platformasini saqlab qolish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining taʼkidlashicha, davom etayotgan kelishmovchiliklar yoki mojarolarga qaramay, o‘zaro hurmat va Tashkilotning asosiy tamoyillariga sodiqlikni kuchaytirishga intilib, umumiy oqilona yechimlarni izlash zarur.
Vladimir Norov Tashkilot faoliyatini takomillashtirishning ayrim masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.
Mamlakatimiz Tashqi ishlar vaziri o‘tgan yili Stokgolmda YEXHT Vazirlar kengashining iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilinganini yuqori baholadi.
«Shuningdek, YEXHTni to‘laqonli tashkilotga aylantirish jarayonini yakunlash kerak. Nizom qabul qilish, ijro tuzilmasini to‘liq takomiliga yetkazish, Tashkilot doirasida qarorlar qabul qilishning shaffof va nazorat qilinadigan mexanizmini ishlab chiqish zarur», — dedi Vladimir Norov.
“Dunyo” AA arxividan olingan surat.