Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Yanvar/2022   Parlament

Xalq vakillari tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ustida ishlayapti

TOSHKЕNT, 1-yanvar. /«Dunyo» AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruhi yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Parlament quyi palatasi ma’lumotiga ko‘ra, tegishli soha vakillari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi va uni pishiq-puxta holatga keltirish, takomiliga yetkazish bo‘yicha qator takliflar berildi.

Ushbu qonun loyihasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanib, sohada qo‘llanilib kelinayotgan tushunchalarning mazmun-mohiyati ochib brilishi zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur hujjat bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi qonunosti hujjatlari qonun darajasida mustahkamlanadi, xalqaro hujjatlardagi mehnat migrantlarining huquqlariga oid normalar milliy qonunchilikka implementatsiya qilinadi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi esa fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga, mehnat migrantlarining hisobini yuritish va ushbu sohada monitoringni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar tizimlashtirildi. Shuningdek, vakolatli organ, ya’ni O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda vazirlik tizimidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi vakolatlari kengaytirildi.  

Xalq vakillari tomonidan qonunni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi a’zolariga loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar berildi, ko‘plab dolzarb savollar o‘rtaga tashlandi va ularga atroflicha javoblar olindi.

Mavzuga oid

Oliy Majlis Senati qo‘mitasida Orolbo‘yi...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mit...

«BMT-Ayollar» tuzilmasining yangi ijroch...

Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tayotgan 3-Yevroosiyo ayollar forumi ishtirok etayotgan MO maml...

Senat faol xotin-qizlarni rag‘batlantiri...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi nodavl...

So`nggi yangiliklar