Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Oktabr/2020   Jamiyat

Xitoyda “Til – millat yaxlitligi va barhayotligi ko‘zgusi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi


PEKIN, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi tomonidan “Til – millat yaxlitligi va barhayotligi ko‘zgusi” mavzusida videokonferensiya shaklidagi tadbir tashkil etildi. Unda Xitoyda bo‘lib turgan vatandoshlar, Chin yurtining turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar hamda elchixona xodimlari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Shuhrat Umirov.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20 oktyabrda qabul qilgan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining mazmun-mohiyati, uning tarixiy ahamiyati hamda 21 oktyabr kuni keng miqyosda, ko‘tarinki ruhda nishonlangan “O‘zbek tili bayrami” kun haqida so‘z yuritildi.

Unda milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei va nufuzini oshirish borasida so‘nggi yillarda samarali ishlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur huquqiy hujjat o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosda tutgan obro‘-e’tiborini tubdan oshiradi, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi turli millat va elat tillarini saqlash, uni rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun zarur sharoit yaratishga imkon berib, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilab berdi. Ushbu muhim hujjat bilan 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlangani ham videokonferensiya ishtirokchilari e’tiboriga havola qilindi.

Tadbirda har bir davlatning ravnaq topishida millat va xalq qadriyatlari timsoli bo‘lgan ona tili, uning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqei mustahkam o‘rin tutishi, ushbu muhim ma’naviy-ma’rifiy bayram nafaqat Ona yurtimizda, balki dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ham munosib tarzda nishonlangani xususida atroflicha fikr yuritildi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mamlakatimiz hayotida ulkan tarixiy voqelik bo‘lgani va unda ona tilimizni asrab-avaylash, uni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq muhim vazifalar belgilab berilgani, O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingani esa ona tilimizga bag‘ishlangan bayramni faqat yurtimizdagina emas, balki dunyoning turli davlatlarida ham keng nishonlashga muhim turtki berganiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, videokonferensiya chog‘ida ushbu qutlug‘ bayram arafasida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan "Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarorning mazmun-mohiyati haqida ham atroflicha fikr almashildi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallagani alohida ta’kidlandi.

Tadbir chog‘ida nazm mulkining sultoni, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishi qayd etildi, uning qalamiga mansub she’rlardan namunalar o‘qildi. Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tashabbusi bilan Alisher Navoiy she’rlari to‘plami xitoy tilida alohida kitob shaklida chop etilgani haqida tadbir qatnashchilariga ma’lumot berildi.

Videokonferensiya doirasida yurtimiz olimlari tomonidan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yaratilgani, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasi asosida 5 jilddan iborat ushbu lug‘at yaqinda O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyotida nashrdan chiqqani to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham tadbir ishtirokchilarining e’tiboriga taqdim etildi.

Ushbu lug‘atda hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingga yaqin so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlar, bir necha shevada qo‘llanadigan so‘zlar, ba’zi tarixiy va eskirgan atamalar o‘z aksini topgani qayd etildi.

Tadbir so‘ngida vatandoshlarimizni qiziqtirgan savollarga diplomatik vakolatxonamiz xodimlari tomonidan batafsil javob qaytarildi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda geodeziya va kartografiyag...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Geodeziya va kartografiya faoliyat...

Epidemiologik vaziyat sabab Toshkentda j...

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi avtobuslar harakati bugundan b...

Prezident maslahatchisi Suma Chakrabarti...

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va...

So`nggi yangiliklar