04/Fevral/2020 Jamiyat
TOShKENT, 4 fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliev O‘zAga bergan interv'yusida Xitoydan qaytayotgan yurtdoshlarimizning maxsus tibbiyot muassasalariga joylashtirilishi haqida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Unda qayd etilishicha, koronavirus epidemiyasi bo‘yicha dunyoda yuzaga kelgan murakkab vaziyatdan kelib chiqib, ushbu kasallikning yurtimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilyapti. Xususan, davlatimiz tomonidan koronavirus infektsiyasi tufayli xorijda, epidemiya o‘chog‘i hisoblangan Xitoyda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida ular yurtimizga qaytarilmoqda. Yurtdoshlarimiz joriy yil 4-5 fevral kunlari “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyati maxsus reyslari orqali O‘zbekistonga olib kelinadi.
“Ular aeroportda kutib olinib, chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va virusning 14 kunlik inkubatsiya davrida sog‘lig‘ini kuzatish maqsadida maxsus tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi”, – deya ma'lumot bergan B.Yusupaliev.
Ta'kidlanishicha, mazkur tibbiyot muassasalarida barcha xizmatlar bepul ko‘rsatilib, sanitariya-gigiena vositalari bilan to‘liq ta'minlanadi. Ular salomatligi shifokorlar tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan hamda koronavirus aniqlanmagan fuqarolarga uylariga qaytishga ruxsat beriladi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari fuqarolarimizning karantinda bo‘lishiga quyidagicha izoh berdi: “Xitoydan keladigan yurtdoshlarimizning ikki haftalik karantinda bo‘lishi nafaqat o‘zlari, balki ular yaqinlari, qolaversa, boshqa fuqarolar sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun amalga oshirilmoqda. O‘ylaymizki, buni barcha yaxshi anglaydi”.
Bugungi kunga kelib ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizda bu kasallik haqida vahimali, lekin haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlar tarqatilmoqda. Masalan, Andijon viloyatining Jalaquduq tumaniga Xitoydan qaytgan bir talabaning ushbu kasallikka chalinib, davolanayotgani bo‘yicha ma'lumot keltiriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ul rahbari ushbu xabarni izohlar ekan, uning haqiqatdan yiroq, yolg‘on ma'lumotligini bildirdi.
“Aslida, bu talaba oddiy respirator virusli infektsiyasi bilan xastalangani aniqlandi. Ayni paytda u to‘liq davolangan va sog‘lomdir. Xalqimizga shuni ma'lum qilamizki, bugungi kunga qadar yurtimizda koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilgani yo‘q”, deydi u.
Shunday bo‘lsa-da, bunday vaziyatda xotirjamlikka berilishga asos yo‘q. Chunki koronavirus havo tomchi yo‘li orqali insondan insonga yuqadi. Bu esa epidemiyaga qarshi tadbirlarni uyushqoqlik bilan tashkil etishni talab qiladi.
Ma'lum qilnishicha, vazirlik tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tibbiyot muassasalarida maxsus joylar hozirlangan, kerakli dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan. Chegaralarda karantin hududlari tashkil etilib, u yerda epidemiolog, infeksionist mutaxassislar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Aeroportlar, temir yo‘l bekatlari va boshqa chegara hududlarida teplovizorlar o‘rnatilgan.
“Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda epidemiologik vaziyat qat'iy nazoratga olingan. Shuningdek, qo‘shni davlatlar va kasallik o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasidagi shifokorlar bilan epidemiologik holat bo‘yicha ma'lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan”, – dedi Bahodir Yusupaliev.