Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Iyun/2021   Prezident

Yangi O‘zbekiston universitetiga qabul imtihonlarini Kembrij universiteti o‘tkazadi


TOSHKENT, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Yangi O‘zbekiston universitetida taʼlim jarayonini tashkil etishga oid taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.

Har bir mamlakatning taraqqiyotini, kelajagini bilimli va aqlli odamlar taʼminlaydi. Barcha sohalarda o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan O‘zbekistonda taʼlim sifatiga, bilimli kadrlarni tarbiyalashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.

Barcha hududlarda Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Bu yoshlarning bilim va salohiyatini aniqlash, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish bilan birga xalqimiz orasida katta intilish to‘lqinini ham paydo qildi.

Davlatimiz rahbari bilimli yoshlarni mamlakatimizning “oltin fondi” deb atagan edi. Bu yil ana shunday yoshlarning yangi avlodi maktablarni bitirmoqda. Endi ularni yurtimizda o‘qitish, yoshlar uchun eng zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston universitetiga asos solinmoqda.

Bu universitet davlat oliy taʼlim muassasasi shaklida tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari – nufuzli xorijiy o‘quv yurtlarining taʼlim dasturlari asosida yuksak kasbiy bilim va malakalarga ega bo‘lgan istiqbolli kadrlar tayyorlash, talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, buning uchun har tomonlama qulay muhitni shakllantirishdir.

Shu maqsadda yangi universitetda taʼlim jarayoni dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Masalan, Kembrij universiteti qabul imtihonlarini o‘tkazadi. Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, ular taʼlim sifatini nazorat qilish, laboratoriya va kutubxonalarni to‘ldirishga ko‘maklashadi.

Universitetda 5 ta – muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo‘ladi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Kredit-modul tizimi joriy etilib, o‘qish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Ushbu taʼlim maskanining o‘quv binosi va kampuslari ham zamonaviy, xalqaro BREEAM sertifikatlariga mos bo‘ladi. Ilk o‘quv yili shu yil sentyabrdan boshlanadi. Yangi bino qurilguncha darslar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bo‘sh binolarida vaqtinchalik o‘tib turiladi.

Iqtisodiyot  tarmoqlaridagi ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish ham universitetning asosiy vazifalaridan. Shu maqsadda dunyoning yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, ilmiy jurnal taʼsis etiladi.

Davlatimiz rahbari universitetda qabul va taʼlim jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Universitet talabalari 1-kursdan o‘z sohasi bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlari va ilmiy markazlarga biriktirilishi kerak. Vazirliklar, nufuzli institut va yirik kompaniyalar universitetning vasiylik kengashiga kirishi muhim. Ular o‘z ehtiyojlarini bildirib, taʼlim jarayoniga integratsiyalashishi, bo‘lg‘usi mutaxassisga oldindan sarmoya kiritishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz belgilangan chora-tadbirlarni maʼqullab, Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etishga oid qarorni imzoladi.

Taqdimotda, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari ...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamrohligid...

Uch yildan keyin Sherobod tumanidagi hos...

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi zamonaviy issi...

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimiz hudu...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam ...

So`nggi yangiliklar