Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Avgust/2020   Iqtisodiyot

Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini birga quramiz – temiryo‘lchilar kasb bayramini munosib nishonlamoqda


TOSHKENT, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. 2017-yil 2-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkan edi.

Shundan so‘ng har yili avgust oyining birinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni”, deb eʼlon qilindi. Mana oradan 3 yil o‘tibdiki, soha xodimlari ushbu kunni kasb bayrami sifatida kelmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 Bugun sohada uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan 36 nafar yetakchi mutaxassis “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi, katta guruh xodimlar esa faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

2020 yil O‘zbekiston temiryo‘lchilari uchun bunyodkorlik ishlariga boy yil sifatida tarixga kirmoqda. Xususan, soha xodimlari Toshkent metropolitenining yer usti “Do‘stlik-2 – Qo‘yliq” yo‘nalishida 11 kilometrlik yangi yo‘l va 7 ta bekat barpo etib, qurilish ishlarining 1-bosqichini yakuniga yetkazdi. Yer osti metrosi Yunusobod yo‘nalishining 2-bosqichida  umumiy uzunligi 2,9 kilometr hamda “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlarida ham qurilish ishlari tugatildi. Ayni paytda esa qariyb 7 kilometrlik yer usti Sergeli yo‘nalishida “Chosh-tepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq”  bekatlari qurilib, relslarni o‘rnatish ishlari davom ettirilmoqda.

Poytaxtimiz Toshkentda yana bir megaloyiha – ilk bor uch pog‘onali transport yechimi Jamiyatning “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi jamoasi tomonidan qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. Ayni paytda esa ko‘priksozlar tomonidan Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasidagi Toshkent – Angren temir yo‘li ustidan yana bir yo‘l o‘tkazgich qurilishini nihoyasiga yetkazilmoqda.

Namangan shahrida bunyod etilgan yangi temir yo‘l vokzali ham shahar aholisiga katta sovg‘a bo‘ldi. Ushbu zamonaviy vokzal qadim shaharning bosh darvozasiga aylanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida temiryo‘lchilar tomonidan barpo etilayotgan yangi aeroport qurilishi ham nihoyasiga yetay deb qoldi.

2020 yil koronavirus pandemiyasi tufayli nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo uchun sinovli bo‘lmoqda. Xalqimiz salomatligini saqlash maqsadida karantin choralari joriy etildi. Bu esa temir yo‘l tizimiga ham o‘z taʼsirini ko‘rsatmay qolmadi. Ko‘plab tarmoq korxonalari ishchi-xodimlari masofadan ishlashga o‘tdi. Garchi temir yo‘l transporti orqali yo‘lovchi tashish vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsada, mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yuk tashish hajmi ortib, qo‘shimma imtiyozlar berildi.

Eʼtirof etish lozimki, ushbu kasallikka qarshi kurashda temiryo‘lchilar ham tom maʼnoda matonat ko‘rsatishmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan COVID-19ga qarshi kurashish uchun “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga bir milliard so‘m mablag‘ o‘tkazildi. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ham temiryo‘lchilar tomonidan bunyod etilgan shifoxona qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda ushbu shifoxonada koronavirus pandemiyasiga chalingan bemorlarni davolash jarayoni amalga oshirilmoqda. Xorijda bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz yo‘lovchi poyezdlarda mamlakatimiz qaytarilmoqda, 14 kunlik karantin muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolar esa viloyatlarga yetkazib qo‘yilmoqda.

Qo‘shni davlatlar bilan karantin tufayli chegaralar yopilgan bo‘lsada, taransport kommunikatsiyalarida, tranzit yuk mahsulotlarini o‘tkazishda ijobiy natijalarga erishilmoqda. Joriy yil 25-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev transport sohasining barqaror ishlashini taʼminlash va izchil rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida taʼkidlaganidek, temir yo‘l transportida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar soha xodimlari masʼuliyatini yana-da oshirdi.

    Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati yuk va yo‘lovchi poyezdlariga Rossiya hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy elektrovozlardan foydalanilmoqda. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘larini jalb qilish dasturiga binoan, 2020-2022-yillarda “24 ta lokomotiv sotib olish yo‘li bilan lokomotiv parkini yangilash” loyihasi amalga oshirilmoqda va o‘tkazilgan xalqaro tender natijalariga ko‘ra SNTIC-CRR-DRLOCO (Xitoy) konsorsiumi bilan mazkur elektrovozlarni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining ”Novocherkask” lokomotiv qurish zavodidan 5 ta yuk elektrovozlarni xarid qilish rejalashtirilgan bo‘lib, yaqinda ushbu zamonaviy elektrovozlarning 2 tasi  yurtimizga keltirildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l orqali yuk tashish, tranzit poyezdlarini o‘tkazish borasida ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini yil sayin rivojlantirishga katta ahamiyat qaratmoqda. Buning natijasida esa xalqaro yuk tashish yo‘nalishlari (koridor) bo‘yicha samarali ishlar tashkil qilinmoqda. Bugungi kunda 13 ta yo‘nalish (koridor) bo‘yicha yuk tashuvlar doimiy ravishda amalga oshirilmoqda. Xorijiy mamlakatlarning 19 ta portlariga yuklarni yetkazib berish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Yuk va yo‘lovchi tashish sohasining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan temir yo‘l transporti tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, xalqaro hamkorlikning tobora rivojlanib borishi, lokomotiv va vagon parkining yangilanishi uchun tashlanayotgan izchil qadamlar, jalb qilinayotgan investitsiya mablag‘lari kelgusida ushbu sohani nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqamizda eng muhim strategik ahamiyatga ega transport tizimi sifatida yetakchilik qilishiga zamin yaratishi shubhasiz.

Mavzuga oid

Saudiya Arabistoni kompaniyasi O‘zbekist...

«ACWA Power» kompaniyasi Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stantsiyasi qurish investitsi...

Navoiy erkin iqtisodiy zonasida Gretsiya...

Navoiy erkin iqtisodiy zonasi hududida qiymati 1 million dollardan ortiq bo‘lgan pishloq i...

Qashqadaryo viloyati tashqi savdo aylanm...

Joriy yilning birinchi choragida Qashqadaryo viloyati tashqi savdo aylanmasining umumiy ha...

So`nggi yangiliklar